“Salomatlik poyezdi” – aholi salomatligi yo‘lida
Aholiga zamonaviy tibbiy-profilaktika yordamini yaqinlashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga manzilli yordam ko‘rsatish temir yo‘l tizimida yaxshi an’anaga aylangan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi hamkorligida yil davomida doimiy tashkil etilayotgan “Salomatlik poyezdi” chekka hududlarda istiqomat qilayotgan, tibbiy xizmatga muhtoj aholi uchun ayni muddao bo‘lmoqda.
Mazkur poyezdning navbatdagi manzili Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ldi. Ayni kunlarda Qoraqalpog‘istonning Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh cho‘l hududida joylashgan Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qoraqalpog‘iston” va “Jasliq” qo‘rg‘onlarida istiqomat qiluvchi aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan oilalarga manzilli muruvvat yordami ko‘rsatilmoqda.
Yurtimizning chekka va ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholiga tibbiy ko‘rikni yaqinlashtirib berish maqsadida tashkil etilgan poyezd zamonaviy UTT, EKG, flyurografiya, laboratoriya jihozlari, tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.
Terapevt, nevropatolog, pediatr, ginekolog, endokrinolog, dermatolog, flyurograf, stomatolog mutaxassislardan iborat 20 nafar malakali shifokor tomonidan keksalar, nogiron bolalar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a’zolari hamda temiryo‘lchilar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilayapti.
Malakali shifokorlarning beg‘araz yordami, e’tibor va g‘amxo‘rligidan qoraqalpog‘istonliklar minnatdor bo‘lmoqda.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI