“Temiryo‘lchi yoshlar forumi”

30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Anhor” bog‘ida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining iqtidorli, shijoatli  va ulkan marralarni qo‘lga kiritgan yoshlarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan  tantanali “Temiryo‘lchi yoshlar forumi”  bo‘lib o‘tdi. 

Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari, tegishli korxona va tashkilotlar, boshqarma xodimlari hamda tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari, faol temiryo‘lchilar, davlat va keng jamoatchilik vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda boshqaruv raisi o‘rinbosari U.Tursunkulov so‘zga chiqib, butun temiryo‘lchi yoshlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 30 iyun – Yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi va tizimda yoshlar siyosatini amalga oshirish yo‘lida 13 milliard so‘mdan ortiqrog‘ mablag‘ safarbar etilish ko‘zda tutilganligini ta’kidladi. 

– Siz yoshlarni qiynayotgan har qanday muammolarni bartaraf etish, soha rivoji uchun bildirilgan takliflaringizni qo‘llab-quvvatlash uchun biz hamisha tayyormiz, –dedi U.Tursunkulov.  – Faqat sizlardan yagona talab, u ham bo‘lsa yaxshi, zamonaviy, malakali mutaxassis bo‘lish uchun barcha imkoniyatlardan samarali foydalanish, soha rivojiga o‘z hissangizni qo‘shish, turli oqimlarga, guruhlarga qo‘shilib qolmaslik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, yalqovlik, dangasalik, “menga nima” qabilida ish tutishdan voz kechish kerak. Har bir yosh oila, korxona, soha, mamlakat, balki butun dunyo kelajagi va istiqboliga dahldorligini his qila olishingiz lozim. 

Tashkil etilgan tantanali anjuman davomida shu kunga qadar sohada samarali faoliyat yuritayotgan istiqbolli yosh kadrlarni tanlash hamda yosh rahbar kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida poyezdlar harakati bilan bog‘liq mutaxassisliklar o‘rtasida “Eng faol yosh mutaxassis” tanlovini o‘tkazildi. Mazkur 35 yoshgacha bo‘lgan temiryo‘lchilar o‘rtasida o‘tkazilgan va  7 ta sohani o‘z ichiga qamrab olgan tanlov – tashishlarni tashkil etish, yuk tashish, yo‘l xo‘jaligi, lokomotivlardan foydalanish, vagon xo‘jaligi, aloqa va signallashtirish, elektr ta’minoti sohalari bo‘yicha samarali tashkil etilib,  “Temiryo‘lchi yoshlar forumida” 1-o‘rin sohiblari Jamiyat rahbariyatining faxriy yorlig‘i, statuetka va 4 yarim million so‘m miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. 

Shuningdek, Jamiyat rahbariyati, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti  tomonidan tizimda samarali foliyat yuritayotgan bir guruh yoshlar yetakchilari esdalik sovg‘alari bilan  rag‘batlantirildi.

“Temiryo‘lchi yoshlar forumi” davomida tashkil etilgan turli xil sport va viktarina o‘yinlari hamda yoshlar tomonidan tayyorlangan qo‘shiq, raqs va sahna ko‘rinishlari  barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, taniqli san’atkorlar va Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi ansanbli jamoasi  tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI