“Yoshlar kuni” munosabati bilan temiryo‘lchi yoshlarga tabrik

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchisi X.N.Xasilovning “Yoshlar kuni” munosabati bilan temiryo‘lchi yoshlariga TABRIK:

"Assalomu alaykum aziz temiryo‘lchi yoshlar!

Avvalambor sizlarni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati nomidan 30 iyun — “Yoshlar kuni” bilan samimiy muborakbod etaman.

Barchamizga yaxshi ma’lumki, bugun mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratildi. Temir yo‘l transporti tarmog‘ida ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohaning ishlab chiqarish, modernizasiya qilish va yangilash jarayonlaridagi faolligi va tashabbuskorligini orttirish borasidagi ishlarimiz o‘zining ijobiy natijasini berib kelmoqda.

Ayni damda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida 23 000 nafarga yaqin yosh temiryo‘lchilar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 450 nafari yoshlar yetakchilari sifatida o‘z tengdoshlarini bir maqsad, bir g‘oya ostida jipslashib harakat qilishga, yoshlar siyosati borasida amalga oshirishi rejalashtirilgan ishlarni bajarilishida o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.

2022 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan 45 ta banddan iborat dastur ishlab chiqildi.

Bugungi kunda  “Eng yaxshi innovasion g‘oyalar”, “Eng faol yosh mutaxassis”, “Kasbim-faxrim”, “Zukko kitobxon”, “Temir yo‘l malikasi” “Yilning eng yaxshi yetakchisi” kabi tanlovlar sohamizda iqtidorli, intellektual salohiyatga ega yoshlarimiz borligini namoyon qilib berdi. 
Bunday tanlovlar yoshlarimiz ilgari surayotgan loyiha va tashabbuslarni yuzaga chiqarishda, ularning el-yurtimizga fidoyi rahbar va mutaxassis bo‘lib shakllanishida beqiyos o‘rin tutadi.

Xususan, “Innovasion g‘oyalar” tanlovida aynan ana shunday tashabbuskor, har bir masalaga yangicha yondashadigan o‘g‘il-qizlarimiz faol ishtirok etayotgani, hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi. Tanlov ishtirokchilarining bergan taklif va innovasion ishlanmalari orqali temir yo‘l tizimida bir qator afzalliklarga erishilmoqda. 

Bu ishlarning barchasi sizning tengdoshlaringiz bo‘lgan temiryo‘lchilar tomonidan amalga oshirilib, ularning innovasion g‘oyalarini ishlab chiqarishga joriy qilinishi orqali temir yo‘l tizimida ish samaradorligining oshishiga erishilmoqda.

Barchamizning umid va ishonchimiz bo‘lgan yoshlar, bugungi bayram kunida, yana bir bora har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta’minlaydigan yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi hal qiluvchi o‘rin tutishini ta’kidlamoqchiman.

O‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, mamlakatimiz va temir yo‘l sohasidagi islohotlar ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanishimizni, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni o‘z vazifamiz deb bilamiz.

Respublikamizda keng quloch yoyib, ancha samarali ishlar yo‘lga qo‘yilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari” doirasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Biz ham ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Temiryo‘lchi yoshlar daftari”ni shakllantirilib, mazkur daftarga kiritilgan temiryo‘lchi yoshlar bosqichma-bosqich moddiy rag‘batlantirildi.

Bugungi kunda Prezidentimizning, Siz aziz yoshlarga bildirilayotgan yuksak ishonchni oqlash, imkoniyatlardan unumli foydalanib, yanada ko‘proq o‘qib izlanishga, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirib, bu bilimni ishlab chiqarishga joriy qilish orqali sohamizni yanada takomillashtirishda o‘z g‘oyalaringiz, ishlanmalaringiz bilan faol qatnashishingiz kerak.

Aziz yoshlar! Prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz” - degan so‘zlarini qalbingizga jo qilib, ozod va obod Vatan qurish, erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlar yo‘lida fidoyilik bilan yashashdan charchamang!

Har doim o‘qib-o‘rganishga, doimiy izlanish, ilm-fanga, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashang!

Sizlarni yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga baxtu saodat, ishlaringizda ulkan muvaffaqiyat, el-yurt faxrlanadigan munosib farzand bo‘lishingizni tilayman!"

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI