Yangi temir yo‘l ko‘prigi qurilmoqda

2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va obod mahalla yilida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan poytaxtimiz va viloyatlarda xalqimiz farovonligi hamda ularga har tomonlama qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari davom ettirilmoqda.

Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasining 13-Ko‘prikqurilish otryadi jamoasi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasi hududidan o‘tgan temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishmasida barpo etilayotgan yangi va zamonaviy yo‘l o‘tkazgich – ko‘prigini qurish ishlarini jadal suratlarda olib borilayotgani ham fikrimiz tasdig‘i bo‘la oladi.

Maʼlumki, 4R253 avtomobil yo‘li bilan kesishgan temir yo‘ldan har kuni yuk poyezdlari o‘tib turadi. Poyezd qatnovi tufayli avtomobil yo‘li shlagbaum bilan yopiladi, yo‘llar to‘siladi. Baʼzida manyovr teplovozi yo‘lni almashtirib olishi uchun yo‘l qariyb 10 daqiqaga to‘sib qo‘yiladi. Ayniqsa, ertalab va kechqurun yo‘lning yopilishi natijasida Toshkent shahriga ishga kelayotgan va ishdan qaytayotgan aholining avtotransportlaridan iborat ulkan tirbandlik hosil bo‘ladi.

Ushbu hududdagi aholidan tushgan ko‘plab murojaatlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi “2021-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 apreldagi 198-F-sonli farmoyishiga asosan “4R253 “Toshkent shahri – Turkiston sh/X – Qozog‘iston Respublikasi chegarasi” avtomobil yo‘lining 3 kilometridagi temir yo‘l ustidan yo‘l o‘tkazgich qurish” loyihasi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmachi sifatida belgilandi. Loyihani esa “Yo‘l – loyiha byurosi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tayyorladi. Bosh pudratchi etib esa “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasi tarkibidagi 13-Ko‘prikqurilish otryadi tanlandi.

Mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra ushbu temir yo‘l va avtomobil kesishmada yangi yo‘l o‘tkazgichni temir yo‘l ostidan tonnel shaklida o‘tkazish loyihasi murakkab bo‘lsada, ammo juda samarali bo‘lishi belgilandi. Shundan so‘ng loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirildi. Birinchi – umumiy uzunligi 398 metr, kengligi 22 metr, ko‘prik osti balandligi esa 7 metr bo‘lgan tonnel tipidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishi amalga oshirish. Ikkinchi – tonnel ustidan o‘tuvchi 3 izli uzunligi 32.25 metr, kengligi 18.5 metrli sxemasi 2x13 bo‘lgan temir yo‘l ko‘prigi qurish. Uchinchi – 28 metr uzunlikda hamda 12,5 metr kenglikdagi avtomobil yo‘li ko‘prigi qurilish loyihasi puxta va har bir holat jiddiy o‘rganib chiqilgach tasdiqlandi.

– 2021 yilning so‘nggi oylarida esa ushbu yirik loyihaning dastlabki qurilish ishlari boshlab yuborildi, – deydi 13-Ko‘prikqurilish otryadi muhandisi Zafarjon Irgashev. – Dastlab tajribali mutaxassislarimiz bilan loyihaning har bir jihatini puxta o‘rganib, zamonaviy texnikalarda tuproq ishlarini bajardik. Shundan so‘ng so‘ng mustahkam temir-beton poydevorlari bosqichma-bosqich tayyorlandi. Ayni paytda yer osti yo‘l o‘tkazgichining poydevorlarida qurilish ishlari tugatilib, loyiha doirasida navbatdagi ishlar bajarilmoqda. Hozirda bu yerda 13-Ko‘prikqurilish otryadi jamoasidan iborat 50 nafarga yaqin tajribali mutaxassislar bilan 20 dan ziyod zamonaviy texnikalarda yangi ko‘prik qurish ishlarini sifatli va mustahkam olib borayapmiz. Qurilish obyektiga zarur bo‘lgan temir-beton mahsulotlari “Ko‘prikqurilish tresti” unitar korxonasiga qarashli tashkilotlarda ishlab chiqarilgan sifatli maxsulotlar o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda. Bugungi kungacha loyiha doirasida geodeziya ishlari amalga oshirilib, qurilish hududiga tushgan kommunikatsiyalarni ko‘chirish hamda vaqtinchalik temir yo‘l izini qurish ishlari olib borilmoqda. Obyektning tonnel qismida poydevor qazish ishlari 25 ming kub metr (24%) bajarilib, mazkur poydevorlar betonlandi. 94 dona temir-beton bloklari montaj qilinib, poydevor qismi bilan biriktirish ishlari olib borilmoqda. 12 ta kartada kotlovanlarni qayta ko‘mish ishlari bajarilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, ayni paytda Nazarbek shaharchasiga olib boruvchi 4R253 avtomobil yo‘li bilan kesishgan temir yo‘l hududi katta qurilish maydoniga aylangan. 2023 yilda yakunlanishi rejalashtirilayotgan ushbu zamonaviy ko‘prik foydalanishga topshirilgach esa 32 mingdan ziyod mahalliy aholi va ushbu yo‘ldan o‘tib qaytayotgan boshqa haydovchilarning qimmatli vaqtlari tejaladi, avtomobillar tirbandligini hosil bo‘lmasligi natijasida atrof muhim ekologiyasi musaffoligi yana-da yaxshilanadi.


Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI