Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan shu soha xodimlari rag‘batlantirildi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining majlislar zalida 11 noyabr – “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov, Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Sh.Fazilov hamda Toshkent shahridagi temir yo‘l korxonalarining kasaba uyushma qo‘mitasi raislari, shu soha mutaxassislari va ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda dastlab Q.Sabirov so‘zga chiqib, avvallari kasaba uyushmalari bayrami mavjud bo‘lmagani, biroq davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2020 yilda bo‘lib o‘tgan 8-Qurultoyida yurtimizda ilk bora 11 noyabrni “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” deb belgilash taklifini bergani va bu 6 milliondan ortiq mamlakatimiz kasaba uyushmalari aʼzolari hayotida unutilmas voqea sifatida tarixga muhrlanganini aytib o‘tdi.
– Barchangizga maʼlumki, keyingi paytlarda kasaba uyushma tashkilotlariga mamlakatimiz rahbariyati, shaxsan Prezidentimiz tomonidan juda katta eʼtibor qaratilib, muhim va dolzarb vazifalar berilmoqda, – dedi Q.Sabirov. – Bu vazifalar “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda tarmoq hududlaridagi kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan o‘z vaqtida bajarilishiga katta ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz ijtimoiy himoyaga muhtoj har bir xotin-qizning bandligini taʼminlash orqali ularga moddiy va maʼnaviy ko‘mak berildi. Huquqiy, psixologik, tibbiy yordam berish uchun manzilli rejalar ishlab chiqilib, ushbu tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlashda Respublika Kengashi masʼul xodimlari tomonidan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi shtabida o‘z faoliyatini olib bordilar.
Temir yo‘l sanatoriylari, shifoxonalari, tarmoq tasarrufidagi bolalar oromgohlari yangitdan qayta qurilib, taʼmirlanib, zamonaviy ko‘rinish hosil qildi. Ayniqsa, temir yo‘l korxonalarida uzoq yillar mehnat qilib, nafaqaga chiqqan faxriylarning ijtimoiy holatiga bo‘lgan eʼtibor yuksak darajada desak yanglishmayman. Bu kabi xayrli ishlarimiz har doim davom etadi. Fursatdan foydalanib, barchangizni “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sog‘ bo‘linglar, oilangizga va ishlaringizga muvaffaqiyat tilayman.
Bayram tadbirida Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Sh.Fozilov hamda bir guruh Kasaba uyushma qo‘mitasi raislari va faxriylar ham so‘zga chiqib, temir yo‘l sohasida ishchi-xodimlarning ijtimoiy sohasiga, ularni ham moddiy, ham maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash yuqori darajada ekanligiga yuqori baho berishdi.
Shundan so‘ng tashrif buyurgan 200 nafar faxriylar, Kasaba uyushma qo‘mitalarida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar, ishchi-xodimlar O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi rahbariyati tomonidan moddiy rag‘batlantirildi.
Bu kabi bayram tadbirlari tarmoqning barcha hududlarida tashkil etilib, kasaba uyushma faollari moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirildi.
“O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining barcha hududlarida, mintaqaviy temir yo‘l uzellarida hamda korxonalarida soha xodimlari uchun turli sport musobaqalari, madaniy va maʼrifiy tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI