Mahalliylashtirish, raqamlashtirish va innovatsion g‘oyalar taftish etildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi v.b. X.Xasilov boshchiligidagi temir yo‘l rahbariyati ishchi guruhi “O‘zbekiston” lokomotiv deposida ishchi-xodimlar uchun tashkil etilgan qulay mehnat sharoitlari hamda yosh temiryo‘lchilar tomonidan yaratilgan innovatsion g‘oyalar, shuningdek, mahalliylashtirish dasturi asosida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

Tadbirda dastlab X.Xasilov so‘zga chiqib, depo yosh mutaxassislari tomonidan yaratilgan “Smart depo” innovatsion g‘oyasini alohida eʼtirof etib, ushbu dasturni yana-da takomillashtirish hamda uni boshqa lokomotiv depolariga ham joriy etish lozimligini taʼkidlab o‘tdi.

– Hozirgi kunda tez surʼatda rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz uchun kerakli bo‘lgan energiya resurslarining iqtisod qilinishi hamda elektr energiyasidan oqilona foydalanish, shuningdek, tizimni yana-da rivojlantirish bugunning dolzarb masalasiga aylangan bo‘lib, bunda bevosita depo mutaxassislari ham o‘z hissasini qo‘shishi lozim, – dedi boshqaruv raisi. – Shuni alohida aytib o‘tish joizki, bugungi kunda “O‘zbekiston” lokomotiv deposi Jamiyat depolari ichida eng namunalisi bo‘lib, bu yerda mahalliylashtirish, raqamlashtirish hamda innovatsion g‘oyalar yaratish borasida eng oldingi o‘rinda turadi. Ushbu ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarni respublika miqyosidagi korxona va depolarimizga ham joriy etishimiz lozim. Boshqa davlatlardan keltirilayotgan lokomotivlar uchun kerakli bo‘lgan ehtiyot qismlarni esa mahalliylashtirishni yana-da ko‘paytirishimiz va ularni olib kelishga sarflanadigan millionlab xarajatlarni ham shunga mos ravishda qisqartirishimiz kerak. Bu dolzarb vazifalarni amalga oshirishda birinchi navbatda, barcha mutaxassislarga kerakli sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz.

Darhaqiqat, 2022 yilni davlatimiz rahbari tomonidan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb eʼlon qilingani va bu borada Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosatni to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda tizimga qarashli barcha korxonalarda ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda depo rahbariyati tomonidan bir qancha qulayliklar yaratib berilayotganini ham alohida eʼtirof etish o‘rinli.

Jumladan, birgina deponing o‘zida ishchi-xodimlarning dam olish xonalari tubdan yangilanib, ishlab chiqarish boshqaruv tizimlari raqamlashtirildi. Ayollar emotsional hordiq chiqarish markazi tashkil etildi. Shuning barobarida kuni kecha ishchi-xodimlar uchun markazlashtirilgan yuvinish majmuasi ham qayta rekonstruksiya qilinib, uning ochilish marosimi tashkil etildi va foydalanishga topshirildi.

Tashrif davomida boshqaruv raisi v.b. X.Xasilovga depo boshlig‘i F.Mahamatov korxonadagi lokomotivlarning ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlangan yangi turdagi mahsulotlarini ham birma-bir ko‘rsatib o‘tdi. Boshqaruv raisi esa depo ishchi-xodimlarining izlanishlari natijasida, tortuv elektr dvigatellarining qizib ketishini oldini olish maqsadida havo quvurlari orqali havo oqimini yetkazib berishda va sovitish tizimida kerakli bo‘ladigan yangi kompozitsion PS-40 rusumli garmoshka moslamasi, qum yetkazib berish quvurlari uchun kronshteyn, tortuv elektr dvigateli tishli uzatmasi qobig‘ining moy quyish qopqog‘i hamda yangidan rekonstruksiya qilinib, ishga tushirilgan kran moslamasini alohida ko‘zdan kechirdi va ushbu ehtiyot qismlarni yana-da takomillashtirish hamda sifat darajasini oshirish, yaroqlilik muddatini uzaytirish borasida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.

X.Xasilov har bir lokomotiv ehtiyot qismlari bilan yaqindan tanishar ekan, ularni zimdan kuzatgan holda kamchilik va nuqsonlarini ham ko‘rsatib o‘tdi. Yaʼni bunda tortuv elektr dvigateli tishli uzatmasi qobig‘ining moy quyish qopqog‘i va yangi kompozitsion PS-40 rusumli garmoshka moslamalariga kauchuk (rezina) o‘rnatish kerakligini hamda uning choklarini ham mustahkam ip bilan ikki marotaba tikish lozimligini aytib o‘tdi. Shuning barobarida barcha depo ishchi-xodimlarining bundan keyingi ishlariga omad va zafarlar tilagan holda ularning mehnatini ijobiy baholadi.


Axborot-tahliliy media markazi



0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI