Mehnatni muhofaza qilish oyida o'tkaziladigan tadbirlar
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining 2023 yil 24 martdagi buyrug‘iga asosan joriy yilning 27 martidan 27 aprelga qadar temir yo‘l tizimida “Mehnat muhofazasi oyligi” o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik doirasida Jamiyat tarkibidagi xo‘jaliklarda ishlab chiqarish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni oldini olish, mehnat muhofazasi talablarini taʼminlashda yuzaga kelayotgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, o‘quv-texnik mashg‘ulotlar sifatini, qamrovini oshirish, xavfsizlik texnikasi talablarini taʼminlash holatiga rahbarlar, o‘rta bo‘g‘in rahbarlari va ishchi-xodimlarning eʼtiborini oshirish hamda mehnat muhofazasi tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish jarayoni amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ayni paytda bahorgi ko‘rikni sifatli o‘tkazish maqsadida barcha korxona, tashkilot muassasa va mintaqaviy temir yo‘l uzellarida qo‘shimcha dasturlar ishlab chiqilmoqda.
– “Mehnat muhofazasi oyligi”ni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad ishchixodimlar hayoti va sog‘lig‘ini asrash hamda ularning mehnat qilishlari uchun munosib sharoit yaratilishini taʼminlashdir, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i J.To‘ychiyev. – Tadbir doirasida tarmoq tasarrufidagi barcha korxona, tashkilot va muassasalarda tegishli dasturlar ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, joylardagi rahbarlar va o‘rta bo‘g‘in rahbarlaridan mehnat muhofazasi bo‘yicha uch bosqichli nazoratni to‘g‘ri tashkil etish va uni o‘z vaqtida olib borish yuzasidan bir qator o‘quv seminarlari va texnik mashg‘ulotlar tashkil etilyapti.
Taʼkidlash lozimki, aslida temir yo‘l korxonalarida yuz bergan baxtsiz hodisalar, ish jarayonida xato va kamchiliklar har doim tahlil qilinib, shu asosda qo‘shimcha rejalar ishlab chiqishdan boshlanadi. Ishlab chiqilgan reja asosida har bitta korxona, tashkilot, mintaqaviy temir yo‘l uzellariga alohida topshiriq va ko‘rsatmalar beriladi. Oylik doirasida esa mazkur ishlar yana-da kuchaytirilgan nazorat ostida olib borilib, temiryo‘lchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida turli tadbirlar, uchrashuvlar, o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Bugungi kunda temir yo‘lda ish ko‘lamining ortishi korxonalarda ishchi-xodimlar uchun mehnat sharoitlarini va mehnat muhofazasini yana-da yaxshilashni taqozo qiladi. Joriy yilda bu boradagi ishlarni takomillashtirish, ishchi-xodimlarni maxsus kiyim-bosh, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, tasdiqlangan reja asosida “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga tegishli xo‘jaliklarda texnika xavfsizligi talablari holati monitoringi olib borilmoqda.
Oylik davomida tarmoqdagi barcha tashkilotlarda davra suhbatlari va tanlovlar o‘tkazilyapti. Mintaqaviy temir yo‘l uzellari korxonalarida mehnat muhofazasi vagoni bilan ish joylariga chiqib, temiryo‘lchilar uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, hujjatli filmlar namoyish etilmoqda.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI