Favqulodda holatlarda birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmasi oshirilmoqda
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2023 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshlig‘ining 2023 yil 6 yanvardagi 1-sonli buyrug‘i bajarilishi to‘g‘risida”gi N-103-sonli buyrug‘iga asosan, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti tomonidan temir yo‘l tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalardagi ishchi-xodimlarning favqulodda holatlarda birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Shunday tadbirlardan biri, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparati boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan temiryo‘lchilar uchun boshqaruv raisi o‘rinbosari J.Yusupov topshirig‘i bilan tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti favqulodda vaziyatlar koordinatori Marsel Sabitov tomonidan turli favquloddagi vaziyatlarda tibbiyot xodimlari kelgunga qadar birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tildi hamda tashkilot faoliyati haqida, zilzila sodir bo‘lganida qanday harakat qilish to‘g‘risidagi videoroliklar namoyish etildi.
– Inson hayotini saqlab qolish xususida gap ketganda, birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmasini har bir fuqaro yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak, – deydi O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti xodimi U.Fayazova. – Bu ko‘nikmalar nafaqat ish jarayonida, balki ishdan tashqari vaziyatlarda ham juda zarur. Tajribadan shu narsa ma’lumki, aksariyat odamlar biror falokatdan jabr ko‘rgan insonga birinchi yordam ko‘rsatishdan qo‘rqadi. Chunki bunday holatda unga qanday yordam ko‘rsatish kerakligini bilishmaydi yoki bilganlarini ham hayajon va qo‘rquv vaqtida esidan chiqarib qo‘yishadi. O‘tkazilayotgan tadbirlarda ishchi-xodimlar uchun birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmasi sodda va amaliy mashg‘ulot tarzida, aksariyat hollarda xodimlarni o‘zini jalb qilgan holatda tashkil etishga harakat qilamiz.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga M.Sabitov batafsil ma’lumot berib o‘tdi. – Men bugungi kungacha bunday ko‘nikmaga egaman, deb yurar edim, – deydi tadbir ishtirokchisi Texnik va texnologik nazorat boshqarmasi bosh mutaxassisi F.Burxonov. – Lekin mutaxassisning bergan ma’lumotlaridan so‘ng yanada ko‘plab foydali ma’lumotlarga ega bo‘lish bilan birga, inson bilimlarini doim mustahkamlab turishi zarurligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Tadbir davomida mutaxassis tomonidan ishtirokchilarga favqulodda vaziyatlarda ko‘pchilik yo‘l qo‘yadigan xato hamda kamchiliklar haqida batafsil tushuntirildi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI