«Sharg‘unko‘mir» AJ faoliyatiga doir rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarning birida «Sharg‘unko‘mir» AJning ishlab chiqarish tannarxi, xarajatlar va oylik ish haqi tahlili bo‘yicha munosabat so‘raldi. Mazkur masala bo‘yicha quyidagilar maʼlum qilinadi. 

Sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida so‘nggi 5 yilda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 56 foizga oshdi. Maʼlumot uchun, Shaxtaning bugungi kungacha bo‘lgan tarixida eng yuqori ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichlari 2018 yilda 181,0 ming tonna, 2019 yilda 245,0 ming tonna, 2020 yilda 264,0 ming tonna, 2021 yilda 275,0 va 2022 yilda 282,0 ming tonnani tashkil etdi.

O‘zbekiston Respublikasi  Moliya vazirligi tomonidan 2019 yil 14 avgustdagi 04/15-03-Uz-2019/8-sonli deklaratsiya narxi tasdiqlangan. Aholini turmush tarzini yaxshilash, daromadlarini oshirish, sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash  maqsadida ko‘mir mahsulotining narxi to‘rt yildan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda. 

Shunga qaramasdan 2019 yildan 2022 yilgacha  korxonamiz ishchi xodimlarining  o‘rtacha oylik ish haqi  ikki baravariga oshirilgan. Maʼlumot uchun, korxonaning o‘rtacha oylik ish haqi 2019 yilda 2664113 so‘m, 2020 yilda 3610332 so‘m, 2021 yilda 4611524 so‘m, 2022 yilda 5514336 so‘mga, 2023 yil 1-choragida 5970153 so‘mga yetgan. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ish haqi miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmoniga asosan 2023 yil  may oyidan oylik ish haqilar 7 foizga oshirilmoqda. Jamiyatdagi 1-sonli ko‘mir qazib olish uchastkasi va “Avtosaroy” ishchi xodimlari  ish turi va hajmiga qarab oylik ish haqilari 9-10 mln. so‘mni tashkil etmoqda. 

Ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan  xom-ashyo materiallari ikki baravarga, birgina dizel yoqilg‘isi narxi uch baravariga oshgan. Maʼlumot uchun, 2019 yilda dizel yoqilg‘isi o‘rtacha bir litr narxi 4345 so‘m, 2020 yilda 5723 so‘mni, 2021 yilda 6230 so‘mni, 2022 yilda esa 13023 so‘mni tashkil etdi.

 Ammo ishlab chiqarish tannarxi 2019 yilda 1 tonna ko‘mir uchun 190502 so‘mni, 2020 yilda 204679 so‘mni, 2021 yilda esa 198606 so‘mni, 2022 yilda 213735 so‘mni tashkil qildi. Bundan ko‘rinib turibdi-ki, uch yil davomida oylik ish haqilari, xom-ashyo materiallari va yoqilg‘i moylash materiallari 2-3 baravarga oshgan bo‘lsada, xarajatlarni optimallashtirish va  ishlab chiqarish hajmining oshirish  hisobiga ishlab chiqarish tannarxi atigi 10,9 foizga oshgan. 

Yuqoridagi ko‘rsatkichlarga erishishda «Sharg‘unko‘mir» AJda mehnat qilayotgan ishchi xodimlarning hissasi katta. Ishlab chiqarish uzluksizligini taʼminlash, hajmini oshirish va isteʼmolchilarga yoqilg‘ini sifatli yetkazib berishda  tunu kun mehnat qilishadi. Shunga ko‘ra  jamiyatda har oyda  ishchi xodimlarga 2021-2023 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining  tegishli bandlari va mehnatga haq to‘lashning alohida sharoitlarini qo‘llash va o‘rnatish to‘g‘risidagi nizomga (Korrektiruyushiy koeffitsiyent) asosan rag‘batlantiriladi hamda 2021 yil fevral oyidan boshlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisining buyrug‘iga asosan korxona ishchi xodimlariga oziq ovqat uchun 490,0 ming so‘mdan har oylik  qo‘shimcha haq to‘lash yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 28-iyuldagi 207-sonli qarorining “Davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish to‘g‘risida”gi nizomining 24-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida va “Davlat ishtirokidagi korxonalar ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini baholash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qaroriga asosan Jamiyat ijro etuvchi organi aʼzolarini choraklik va yillik faoliyat samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari (KPI ko‘rsatkichlari) ga qarab belgilangan tartibda Jamiyat kuzatuv kengashining qarorlariga asosan rag‘batlantirilib kelinmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ
Axborot-taxliliy markazi

0
1

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI