2023-2025 yillar uchun yangi tahrirdagi tarmoq jamoa kelishuvi qabul qilindi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida jamiyat rahbariyati hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika kengashi aʼzolarining birgalikda kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
  
Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati bilan O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o‘rtasida 2021-2023 yillar uchun tuzilgan Tarmoq kelishuvi majburiyatlarining 2022 yil davomida bajarilishi ko‘rib chiqildi hamda 2023-2025 yillar uchun yangi tahrirdagi tarmoq jamoa kelishuvi qabul qilindi. 
Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi X.Xasilov, Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari Q.Kirgizaliyev va masʼul xodimlar, boshqarma, markaz, xizmat, mintaqaviy temir yo‘l uzellari boshliqlari va korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari hamda Respublika Kengashiga aʼzo, tasarrufdagi kasaba uyushma tashkilotlari raislari va faollari ishtirok etdi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi bilan tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Tarmoq kelishuvi majburiyatlarining 2022 yil davomida bajarilishi yuzasidan Aksiyadorlik jamiyatida olib borilgan ishlar bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transpaort quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov, Iqtisodiy tahlil va prognozlash boshqarmasiboshlig‘i N.Babaxalov, mintaqaviy temir yo‘l uzellari hamda ishlab chiqarish korxonalarining Kasaba uyushma qo‘mitasi raislari so‘zga chiqishdi va hisobotlari tinglandi.

Qayd etilganidek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida 2022 yil davomida 73 363 ming tonna xalq xo‘jaligi yuklari jo‘natildi, bu 2021 yilga nisbatan 101,2 foizni tashkil etdi, yuk aylanmasi 24 989 ming tonna kilometrni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 100,6 foizga, 9 139 million yo‘lovchilar tashildi va bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 113,7 foizga bajarildi.

Mehnatni muhofaza qilish va ish sharoitlarini yaxshilash uchun jami 32,03 milliard so‘m sarflandi. Shundan mehnatni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun 774,8 million so‘m, ishchilarni mahsus kiyim-bosh, oyoq-kiyim va shaxsiy muhofaza anjomlari bilan taʼminlash uchun 12,38 milliard so‘m sarflangan. Tarmoq kelishuvining o‘zaro majburiyatlari bajarilishi tahlil qilinganda, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan yil davomida muayyan ishlar amalga oshirilganligi sababli Tarmoq kelishuvida ko‘rsatilgan 177 ta banddan 176 tasi bajarilgan va bu bandlarning bajarilishi uchun jami 1 trillion 417 milliard 800 million so‘m xarajat qilingan.

Bajarilgan ishlarga qaramasdan 2022 yilda kelishuvda ko‘zda tutilgan 67-band bajarilmagani aytib o‘tildi. Jamiyat korxonalarida jami 31 ta baxtsiz hodisaga yo‘l qo‘yilgani bu boradagi ishlarga yana-da masʼuliyat bilan qarash zarurligini ko‘rsatdi. Yo‘l qo‘yilgan holatlarning kelib chiqishini o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ular texnologik jarayon talablarining buzilishi, balandlikda ishlash qoidalarini buzilishi, elektr xavfsizligi qoidalarini buzilishi va yong‘in xavfsizligi buzilishidan iborat bo‘lmoqda. Kun tartibidagi masala bo‘yicha Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari M.Rozimetov so‘zga chiqib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining 2023 yil 5 yanvardagi 14-N-sonli “2021-2023 yillar uchun tuzilgan Tarmoq kelishuvining 2022 yil davomida bajarilishi hamda 2023- 2025 yillar uchun yangi tahrirdagi Tarmoq jamoasi kelishuvini qabul qilish bo‘yicha ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida”gi qo‘shma buyrug‘i ijrosini taʼminlash maqsadida ishchi guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 28 oktyabrdagi O‘RQ-798-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan yangi Mehnat kodeksining 2023 yil 30 aprel kuni kuchga kirganini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va qonunosti normativ huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga moslashtirish maqsadida yangi tahrirdagi Tarmoq jamoa kelishuvi loyihasi ishlab chiqilganligini taʼkidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, ishchi guruhi aʼzolari barcha hujjatlarni o‘rganib, muhokama qilib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalar, tashkilotlar, muassasalarda amaldagi Tarmoq kelishuvi bandlari bo‘yicha amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar, pensionerlar va ishlovchi xodimlardan tushayotgan taklif va murojaatlarni eʼtiborga olib, korxonalar tomonidan taqdim qilinayotgan maʼlumotlar va hujjatlarga, shuningdek, yangi Mehnat kodeksiga asosan yangi tahrirdagi Tarmoq jamoa kelishuvi loyihasiga taqdim etilayotgan taklif va mulohazalar muhokama etildi.

 Kun tartibidagi navbatdagi masala yaʼni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxona, tashkilot va muassasalarida xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda mehnat munosabatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish sohasidagi ishlarning ahvoli o‘rganilishi to‘g‘risida bo‘ldi.

Yig‘ilish yakunida tashkiliy masalalar bo‘yicha ham maʼlumot berilib, kelgusidagi rejalar belgilangan holda qarorlar qabul qilindi va bir ovozdan Respublika Kengashi aʼzolari tomonidan maʼqullandi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ 
Axborot-tahliliy media markazi

1
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI