Temir yo'l oromgohlari yosh dam oluvchilar uchun ochildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Qibray”, “Yangi Avlod”, “Burchi-mullo”, “Temiryo‘lchi”, «Olovuddin» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida hamda “Qo‘ng‘irot” sanatoriy profilaktoriysida 2023 yilgi yoz mavsumiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi.

– Joriy yilning yoz mavsumida temir yo‘l tasarrufidagi bolalar oromgohlarida rejaga ko‘ra temiryo‘lchi farzandlarining 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 5 ming 380 nafari 12 kundan navbatlarga bo‘linib, sog‘lomlashtiriladi, – deydi O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bo‘lim mudiri Lola Merganova. – Eʼtiborlisi, Orolbo‘yi mintaqasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishlayotgan va yashovchi temiryo‘lchilar farzandlari “Qo‘ng‘irot” sanatoriy-profilaktoriysida yoz mavsumi davomida 5 navbatda, har navbatda 100 nafardan, jami 500 nafar bolalarni, shuningdek, olis hududlarda temir yo‘l tizimida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari mavjud bo‘lmaganligi sababli temir yo‘l xodimlari farzandlariga o‘z hududlarida joylashgan oromgohlarga 1 ming 620 ta yo‘llanma xarid qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi ishchi-xodimlarining 400 nafar farzandi “Mirzo Ulug‘bek” oromgohida, “Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi ishchi-xodimlarining 400 nafar farzandi «Xonjizza» oromgohida, “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi ishchi-xodimlarining 700 nafar farzandi “Do‘stlik” oromgohida hamda “Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi Xorazm hududi ishchixodimlarining 120 nafar farzandini “Jayhun quyoshi” oromgohida sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

Yoz mavsumi boshlanishining 1-navbati joriy yilning 5 iyunidan boshlanadi. So‘nggi navbat esa 11 avgustda yakunlanishi kutilmoqda. Hozirgi kunda xo‘jalik ishlari, obodonlashtirish, bino va inshootlarni taʼmirlash va boshqa ishlar yakuniga yetkazildi.


"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ 
Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI