Temir yo‘l korxonalarida hafta davomida amalga oshirilgan ishlar haqida
“Yoshlar oyligi” doirasida
Respublikamizda iyun oyi “Yoshlar oyligi” deb nomlanganligi munosabati bilan “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritadigan temiryo‘lchi yoshlar uchun Qarshi shahrida joylashgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga ekskursiya uyushtirildi. Ekskursiya davomida temiryo‘lchi-yoshlarga muzeyning Paxta ishi, Odina masjidi tarixi va Yangi O‘zbekiston bo‘limlari haqida ma’lumotlar berildi Shuningdek, sobiq sovet mustamlakasi davrida milliy madaniyatimizning saqlab qolinishi, qadimiy nodir qo‘lyozma va kitoblarni ziyolilar tomonidan asrab qolingani bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
“Direktor kubogi-2023” musobaqasi o‘tkazildi
“Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasida sportning futbol turi bo‘yicha “Direktor kubogi-2023” musobaqasi o‘tkazildi. Bir hafta davomida murosasiz va qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan musobaqada korxona xodimlaridan tuzilgan jami 20 jamoa bellashdi. Bunday sport musobaqalarining muntazam o‘tkazib borilishi korxona xodimlari orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga va ishdan keyingi bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga zamin yaratadi. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan bu yilgi musobaqada ham yuqorida qayd etilgan maqsadlarga erishildi. Maydonda professional o‘yinchilardek harakat qilgan ishtirokchilar g‘olib va sovrindorlar safida bo‘ldi. Final uchrashuvida korxona direktori K.Rashidov boshchiligidagi korxona rahbariyati, Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi U.Qahhorov ishtirok etishdi. Yakunda musobaqa g‘olibi va sovrindor jamoa a’zolariga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Ushbu musobaqa orqali “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasining futbol bo‘yicha terma jamoasiga munosib nomzodlar saralab olindi. Galdagi vazifa “Boshqaruv raisi kubogi-2023” musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etish hisoblanadi.
“Zukko kitobxon-2023” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi
Toshkent temir yo‘l texnikumi o‘quvchilari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida “Zukko kitobxon-2023” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan to‘rtinchi tashabbusi doirasida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda texnikumda tahsil olayotgan faol bir guruh kitobxon o‘quvchilar bahs olib borishdi. Tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni 5B-8 guruh o‘quvchisi Diyora Abdurashidova, 2-o‘rinni 5L-5 guruh o‘quvchisi Asror Isomiddinov hamda 3-o‘rinni 5L-5 guruh o‘quvchisi Otabek Tursunov qo‘lga kiritdi.
Harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratildi
“Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbariyati tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi X.Xasilovning 460-N-sonli buyrug‘i ijrosini hamda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Qarshi – Kitob” temir yo‘l uchastkasi Samarqand – Qarshi shaharlararo yo‘lovchi poyezdi kabinasida kuzatib o‘tildi. Shuningdek, “Kitob” va “Tanxoz” stansiyalarida ko‘mir tushirish joylari tekshirib chiqildi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha uzel boshlig‘i tomonidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Temir yo‘l shifokorlari xorijda kasbiy malakasini oshirib qaytdi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Sog‘liqni saqlash xizmatining Rossiya Federasiyasining A.V.Vishnevskiy nomidagi jarrohlik va N.I. Pirogov nomidagi milliy tibbiy ilmiy markazlari bilan shifokorlarni kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha hamkorligi doirasida dastlabki qadamlar qo‘yildi.
Sog‘liqni saqlash xizmatiga qarashli tibbiyot muassasalarining 3 nafar shifokori mazkur nufuzli xorijiy tibbiyot dargohlarida malaka oshirib keldi.
O‘zbekistonlik shifokorlar tibbiyot sohasiga doir ilmiy va amaliy yangiliklar, jahon tibbiyotida kasalliklarning oldini olish va davolash bilan bog‘liq zamonaviy amaliyotlar bo‘yicha tibbiyot sohasining tajribali professorlaridan nazariy va amaliy bilim oldilar.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI