Harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan taktik-amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi
Harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan taktik-amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Maxsus otryad xodimlari tomonidan ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish shubhali holatlarni aniqlash borasida taktik-amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Mashg‘ulotlarning g‘oyasiga ko‘ra, fuqarolar tomonidan temir yo‘l izlariga tosh qo‘yish holatlari aniqlanib, aybdor fuqarolar ushlandi va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Sir emaski, temir yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash birlamchi vazifalardan biridir va po‘lat izlarda tashilayotgan yuklarni butligini saqlash, poyezd yo‘lovchilarning sayohati davomida harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi omillarini bartaraf etish Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi xodimlarining hissasi salmoqli. Temir yo‘l atrofida yashovchi aholi bilan qanchalar targ‘ibot-tashviqot tadbirlar o‘tkazilmasin, lekin afsuski, havfsizlikka tahdid hodisalari uchrab kelmoqda. Xususan, 2023-yil 25-iyun kuni soat 16:19da, Qarshi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan 779-sonli “Afrosiyob” elektropoyezdi mashinisti tomonidan Gumbaz – Maroqand temir yo‘l bekatlari oralig‘ining 3749-km 3-PK da temir yo‘l izlari ustiga tosh qo‘yilganlik holati aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan zudlik bilan voqea joyiga Qashqadaryo o‘qchilik komandasi mobil guruh yo‘riqchisi M.Boymurodov va 4-post o‘qchisi K.Kamolovlar yetib borib tezkor surishtiruv ishlari olib borgan, surishtiruv natijasida temir yo‘l izlariga tosh qo‘ygan fuqaroni shaxsiga aniqlik kiritilgan. Holat Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani, “Parchaqara” MFYda doimiy ro‘yxatda turuvchi 2008-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro tomonidan sodir etilgan bo‘lib, Samarqand viloyati Transportda XTB xodimlariga qonuniy chora ko‘rish maqsadida dalolatnoma asosida topshirilgan. Voyaga yetmagan fuqarodan, nima sababdan temir yo‘l izlariga tosh qo‘yganligi so‘ralganida, u: “Men bilmasdan yoshlik qilib relsga tosh qo‘ydim”, deya aybini bo‘yiga oldi.
Ushbu hudud yuqori tezlikda harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlarning harakat xavfsizligi va tashilayotgan yuklarning butligini taʼminlash maqsadida kunu tun Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan xizmat olib borilmoqda. Fuqarolar bilan doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi va yo‘lovchi hamda yuk poyezdlar harakatlanishi davomida temir yo‘l izlariga tosh qo‘yish holatlari uchrab kelmoqda.
Hurmatli fuqarolar farzandlaringizni qarovsiz va tarbiyasiz qoldirmang! Ularning nima ishlar bilan mashg‘ul va bo‘sh vaqtlarini qanday tarzda o‘tkazayotganlaridan ogoh bo‘ling! Ularning har qanday nojo‘ya hatti-harakatlarga qonuniy choralar ko‘riladi! Voyaga yetmagan farzandlari uchun ota-onalar qonun oldida javobgar ekanligini unutmangiz!
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI