“Quyuv mexanika zavodi” shoʻba korxonasida yuk vagonlarni ishlab chiqarish hajmi yana-da oshiriladi

Joriy yilning 21 iyul kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Zufar Narzullayev boshchiligidagi Jamiyat rahbarlari, boshqarma  boshliqlari hamda mutaxassislar “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasiga tashrif buyurishdi.

Ushbu tashrif jarayonida Jamiyat rahbariyati “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasi faoliyati va bu yerdagi mavjud ishlab chiqarish sexlari bilan yaqindan tanishdi hamda korxonaning ishlab chiqarish salohiyati va mahsulotlarning sifatini ko‘zdan kechirishdi. Z.Narzullayev “Quyuv-mexanika zavodi” shoʻba korxonasi rahbari Kamoliddin Rashidov va bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan yetakchi mutaxassislarga O‘zbekiston temir yo‘llari uchun tayyorlanayotgan turli rusumdagi yuk vagonlari sonini keskin oshirish, taʼmirlanayotgan vagonlarni ham sonini ko‘paytirish, shuningdek, xorijdan import qilinayotgan ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish dasturi asosida o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, buning uchun ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan ilg‘or mutaxassislarni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirish zarurligini aytib o‘tdi.

Boshqaruv raisi korxona sexlarini ko‘zdan kechirgach, zavod direktori Kamoliddin Rashidov va yetakchi mutaxassislar yangi vagonlarni tayyorlashda eng avvalo sifatga eʼtibor qaratish lozimligi, shuningdek, xorijdan import qilinayotgan ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish orqali millionlab xorij mablag‘larni tejab qolish mumkinligini taʼkidladi. Buning uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan investitsiya dasturi asosida vagonlarni ishlab chiqarish va taʼmirlashga zarur bo‘ladigan mablag‘lar asosida moliyalashtirilishini aytib o‘tdi.

Mutaxassislarga xorijga eksport qilinayotgan vagonlar va ularning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishni davom ettirgan holda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati vagon parkida ham yangi vagonlar sonini ko‘paytirish uchun ishlab chiqarishni kengaytirish topshirig‘ini berdi.

Axborot-tahliliy media markazi
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI