Temir yo'lchilar kuni: Soha xodimlari taqdirlandi
Temir yo'lchilar kuni: Soha xodimlari taqdirlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ushbu tizim ishchi-xodimlari bu yilgi kasb bayramini 7 bor rasman nishonlashmoqda.
Bugun 4 avgust kuni Temir yo‘l transporti xodimlari kuni bayramining asosiy tadbirlari erta tongdan poytaxtimiz Toshkentda boshlandi. Shu kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv binosiga mamlakatimizning turli hududlaridan ilg‘or kasb egalari tashrif buyurishdi.
Boshqaruv binosining ko‘rkam va muhtasham majlislar zalida soha xodimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. z.Narzullayev, uning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov, mintaqaviy temir yo‘l uzellari rahbarlari, boshqarma va korxona boshliqlari, mutaxassislar va ishchi-xodimlar ishtirok yetishdi. Tadbir jarayoni to‘g‘ridan to‘g‘ri onlayn shaklida respublikamizning barcha temir yo‘l korxonalariga ko‘rsatib turildi.
Marosimda z.Narzullayev so‘zga chiqdi va barcha temiryo‘lchilarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi.
– Bugun mamlakatimiz temiryo‘lchilari kasb bayramini katta tantana bilan nishonlashmoqda, – dedi z.Narzullayev. – Barchangizni ana shu qutlug‘ ayyom bilan chin ko‘ngildan samimiy tabriklayman. Muhtaram Prezidentimiz va hukumatimizning alohida eʼtibori bilan temir yo‘l sohasi faoliyati yildan yilga rivojlanib bormoqda. Quvonarlisi O‘zbekiston temir yo‘llari qo‘lga kiritayotgan yutuq va muvaffaqiyatlarning barchasi xalq farovonligi, yurtimiz obodligi, mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston temir yo‘llari faoliyati xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda. Bu temir yo‘l tizimining salohiyati kundan kunga ortib borayotganidan dalolat beradi. O‘tgan yillar davomida temiryo‘lchilarimiz tomonidan minglab kilometrlik yo‘llar, ko‘prik va tunnellar, yo‘l o‘tkazgichlar va boshqa inshootlar qurildi. Ushbu yutuqlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q, albatta. Bunda siz kasbi tajribali, malakali va fidoyi temiryo‘lchilarning, tashabbuskor rahbar xodimlarning juda katta hissasi bor. Bugun ana shu zahmatkash temiryo‘lchilarni har qancha sharaflasak, arziydi. Prezidentimiz nomidan, o‘zim va rahbariyat nomidan barchangizni kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.
Anʼanaga ko‘ra bu yilgi kasb bayramida ham 76 ming temiryo‘lchilar orasida o‘zining soha rivojiga hissa qo‘shgan mehnati tufayli bir guruh xodimlar “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoni mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Bayram tadbirida ushbu zahmatkash va mehnatkash, fidoyi, tashabbuskor kasb egalarining bir qismi taqdirlandi. Unga ko‘ra ishdagi yutuqlari, fidoyi mehnati va barchaga o‘rnak bo‘layotgan faoliyati bilan uzoq yillar davomida mehnat qilgan 29 nafar temiryo‘lchilar “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘ldi. Boshqaruv raisi sohamizning eng asosiy mukofoti – “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoni bilan 29 nafar temiryo‘lchiga tantanali tarzda topshirdi. Shuningdek, bir guruh soha xodimlariga faxriy yorliqlar ham berildi.
Shundan so‘ng tadbirda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Q.Sabirov, “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan Yuridik boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Viner Raxmangulov, Iqtisodiy tahlil va prognozlash boshqarmasining Mehnat va ish haqqi bo‘limi yetakchi mutaxassisi Nasiba Burxonova so‘zga chiqdi va sohamiz xodimlari orasida eng oliy mukofotga loyiq ko‘rilgani uchun rahbariyatga va barchaga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, temiryo‘lchilarni xususan, mukofot sohiblarini chin dildan tabriklashdi.
Tadbir so‘nggida z.Narzullayev respublikamizning barcha temiryo‘lchilariga, shuningdek, mukofot sohiblariga yana bir bor omad, muvaffaqiyat, oilaviy baxt hamda temir yo‘l tizimini rivojlanishida yana-da ko‘proq hissa qo‘shishlariga ishonishini aytib o‘tdi. Bu kabi mukofotlar bardavom bo‘lishiga umid bildirdi.
Shundan so‘ng mukofot sohibi bo‘lgan temiryo‘lchilar boshqaruv binosi hovlisida esdalik uchun tarixiy suratlarga tushishdi va ular uchun Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi.
"O‘zbekiston temir yo‘llari"AJ
Axborot-tahliliy media markazi
Faylni yuklab olish
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI