Temiryo'lchilar kasb bayramini katta tantana bilan nishonlanshmoqda
4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida tantanali bayram marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.Ramatov, Transport vaziri I.Mahkamov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Z.Narzullayev, rais o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoni sohiblari, Toshkent shahridagi temir yo‘l korxonalari ishchi-xodimlari, faxriy temiryo‘lchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Bayram tadbirining rasmiy ochilish marosimida A.Ramatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevni mamlakatimiz temir yo‘l xodimlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Ushbu nutqni soha xodimlari katta hayajon va quvonch bilan tinglashdi. Marosimda Transport vaziri I.Mahkamov hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. Z.Narzullayev ham so‘zga chiqib, barcha temiryo‘lchilarni kasb bayrami bilan tabriklashdi.
– Qadrli faxriylar, aziz mehmonlar, fidoyi temiryo‘lchilar avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha temiryo‘lchilarni mamlakatimiz hayotidagi muhim sana – Temir yo‘l transporti xodimlari kuni bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman, – dedi Z.Narzullayev. – Barchamizga ma’lumki, bugungi kunda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida Vatanimiz taraqqiyoti mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Yurtimiz hayotida yangi yo‘nalishdagi tarixan muhim ahamiyatga ega izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda Z.Narzullayev dunyoda bo‘layotgan global inqirozlarning salbiy ta’siriga qaramay, mamlakatimizda obod hamda farovon hayot qurish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Rennessans poydevori yaratishdek, ulug‘vor ishlar yo‘lida borilayotganini ta’kidlar ekan, Prezidentimiz tomonidan sohamizni yanada ta’komillashtirish va rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini ko‘paytirish hamda sifatini yaxshilash masalalariga alohida urg‘u berib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotganiga alohida urg‘u berdi. Davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan O‘zbekiston temir yo‘llarini jahon temir yo‘l transporti talablariga har tomonlama javob beradigan mustahkam, zamonaviy tizimga aylantirish maqsadida temir yo‘l transporti xizmati bozorini isloh qilish, sohada raqobat muhitini yaratish, istiqbolli investisiya loyihalarini samaradorligini oshirish, tarkibiy islohotlarni amalga oshirish ishlari jadallik bilan olib borilayotganini aytib o‘tdi.
Shundan so‘ng bayramning tantanali konsert dasturi boshlandi. Unda xalqimiz ardog‘idagi taniqli san’atkorlarning kuy qo‘shiqlari tinglandi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI