
Xitoy korxonasi bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Bugun, 2023-yil 9-avgust kuni "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati rahbariyatining "CRRC Zhuzhou Locomotive Co.Ltd" (CRRC ZELC) Xitoy korxonasi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda sheriklik va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Z.Narzullayev va CRRC ZELC Xitoy korxonasi vitse-prezidenti Chen Yuun rahbarligida bo‘lib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ilgari ushbu korxona bilan ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan va CRRC ZELC tomonidan ishlab chiqarilgan elektrovozlarni ishonch bilan ishlatmoqda.
Uchrashuvda kompaniya tomonidan ishlatiladigan Xitoy elektrovozlariga texnik xizmat ko‘rsatish, elektrovozlarni ta’mirlash va ularga ehtiyot qismlar olib kelish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy elektrovozlarni sotib olish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ rahbariyati tomonidan qayd etilganidek, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy rivojlanishi, aholi farovonligining o‘sishi ham mintaqada transport tizimining rivojlanishiga yordam berdi va yuk tashishga ehtiyoj ortdi. Shu bilan birga, rahbariyat yo‘lovchi tashishni keng rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda Xitoy tomoni Xitoy temir yo‘llari tarixi, bosqichma-bosqich rivojlanish jarayoni va davom etayotgan yutuqlar haqida taqdimot o‘tkazdi va maxsus tayyorlangan videoni namoyish etdi.
Uchrashuv yakunida "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati va "CRRC Zhuzhou Locomotive Co. Ltd" O‘zbekistonda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va xitoylik hamkorlar bilan birgalikda elektrovozlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash markazini ochish masalalarini muhokama qildi.
Xitoy korxonasi “CRRC Zhuzhou Locomotive Co. Ltd” 1936 yilda tashkil etilgan va eng ilg‘or Lokomotiv ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu korxona dunyoning 15 mamlakatida filiallariga ega va rivojlangan mamlakatlarga zamonaviy va yuqori sifatli elektrovozlarni eksport qilmoqda.
"O‘zbekiston temir yo‘llari"AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI