Prezidentimiz yer usti metropolitenining halqa liniyasining II bosqichi qurilishi yakunlangani bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligini temiryo‘lchilar katta bunyodkorlik ishlari yakuni bilan kutib olishmoqda. Mamlakatimizning eng muhim bayramlaridan biri bo‘lgan ushbu sana munosabati bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasi yirik loyiha asosida bunyod etilayotgan tarixiy qurilishni muvaffaqiyatli yakunladi.

 O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidentining  2017  yil 19  maydagi  “Toshkent  shahrida yer  usti  metro  liniyalarining qurilishi”  loyihasini  amalga  oshirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qaroriga  asosan “Qo‘yliq – Quruvchilar” uchastkasining 2-bosqichi bo‘lgan 12-bekatdan so‘ng 13- hamda 14-bekatlarda qurilish ishlari yakuniga yetkazildi.

Taʼkidlash  lozimki,  “O‘zbekiston  temir  yo‘llari”  aksiyadorlik  jamiyati  mutaxassislari  tomonidan  2020  yilning avgust oyida poytaxtimizda bunyod etilgan yer usti halqa metro yo‘nalishining 1-bosqichi bo‘lgan “Do‘stlik – Qo‘yliq” uchastkasida 7  Ta  bekat  qurilib,  foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 2023 yil aprel oyida ushbu loyihaning  davomi  bo‘lgan  2-bosqichida  7,74  kilometrlik  “Qo‘yliq  – Quruvchilar” uchastkasida yana 5 Ta yangi bekat ochilgan edi.

O‘tgan vaqt davomida mazkur loyihaning  2-bosqich  qismidagi  12-bekatdan  so‘ng  3,64  kilometrlik  “Quruvchilar  –  Qipchoq” uchastkasida  ham  bunyodkorlik ishlari jadallik bilan amalga  oshirildi.  13-bekat  2  qavatdan  iborat bo‘lib, 1-qavatda xizmat ko‘rsatish xonalari va chiptaxonalar joylashgan bo‘lsa, perron 2-qavatda  qurilgan.  14-bekat  esa  1 qavatdan  iborat  bo‘lib,  ushbu bekat Sergeli  yer  usti yo‘nalishining  5-bekatiga  yo‘lovchilar yo‘lagi  orqali  ulandi.  Shuning uchun  14-bekatdan  Sergeli yer usti  yo‘nalishining  5-bekatiga o‘tish  uchun  mustahkam  yo‘lovchilar yo‘lagi qurildi.

29  avgust  kuni  Prezidentimiz  Shavkat  Mirziyoyev  va  hukumat  rahbarlari  ushbu  transport  inshootini  borib  ko‘rishdi, jamoatchilik  vakillari bilan birga metroda yurishdi.

–  2017  yilda  bu  loyihani  boshlaganimizda  ishonmaganlar  ham  bo‘lgan  edi,  –  dedi davlatimiz  rahbari.  –  Mana, Xudoga  shukur,  yero  osti  va  yer usti  metro  yo‘llari  bog‘lanib, halqaga  aylandi.  To‘g‘ri,  og‘ir bo‘ldi.  Lekin  xalqimizga  xizmat qiladigan, tarixda qoladigan yo‘l bu. Odamlarimiz, farzandlarimiz  bunda  yurib,  davlatdan rozi bo‘lsa, niyatimizga yetgan bo‘lamiz.

Mazkur ikkinchi bosqich doirasida  12  kilometr  estakada yo‘l  va  7  ta  bekat  barpo  etilgan. Bu oraliqdagi qatnov vaqti 15 daqiqani tashkil etadi. Bir kunda 40 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Umuman, bugun Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshdi. Shundan 38  kilometri  1977  yildan  keyin bunyod etilgan bo‘lsa, oxirgi  7  yilda  32  kilometr  metro yo‘li qurildi. Bekatlar soni 50 taga yetdi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 750 mingga yetishi kutilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ 
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI