
Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasiga radiologik uskunalar topshirildi
"O'zbekiston temir yo'llari" aksiyadorlik jamiyatining Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasiga gumanitar yordam doirasida qariyb 3 milliard so'mlik radiologik uskunalar berildi. Ushbu tadbir "O'zbekiston temir yo'llari"AJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha tufayli amalga oshirildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasining (MSES) radiologiya laboratoriyasi mudiri M.Giyasova va Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh radiologi D.Zaredinov bilan birgalikda ishlab chiqilgan loyihaga asosan Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi MAGATE tomonidan radiologik uskunalar bilan ta’minlandi.
Ta’kidlash lozimki, hozirgi kunda MAGATEga 177 ta davlat a’zo bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi ushbu Xalqaro atom energetikasi – MAGATE tarkibiga 1994 yilda a’zo bo‘lgan. MAGATE yadro energetikasini rivojlantirish masalalarini muhokama qilish uchun xalqaro ilmiy forumlarni o‘tkazadi hamda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda yordam berish uchun mutaxassislarni turli mamlakatlarga yuboradi. Yadroviy asbob-uskunalar va materiallar bilan ta’minlash bo‘yicha davlatlararo vositachilik xizmatlarini ham ko‘rsatadi. Shuningdek, nazorat funksiyasini bajaradi va agentlik tomonidan ko‘rsatiladigan yordam hech qanday harbiy maqsadlarda foydalanilmasligini ta’minlaydi.
Ushbu tashkilot tomonidan ajratilgan 20 ta uskuna Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi va barcha tarmoq SESlarga alohida taqsimlandi. Gumanitar yordam sifatida taqdim etilgan uskunalar 2 xil bo‘lib, qiymati xar biri 20608 AQSH dollariga teng “Verifinder” hamda 3500 AQSH dollaridan iborat “Polimaster”dir.
Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasida ushbu zamonaviy uskunalarni temir yo‘l tasarrufidagi tarmoq SESlariga taqsimlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqan mutaxassislar ushbu noyob uskuna Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasining radiologiya laboratoriyasi mudiri M.Giyasova va Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh radiologi D.Zaredinov loyihasi asosida gumanitar yordam sifatida berilganini aytib o‘tishdi. Tadbirda mazkur zamonaviy uskunalar orqali “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining hududlardagi Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi filiallarida temiryo‘lchilar va aholini radiaktiv nurlardan saqlashda muhim vosita sifatida xizmat qilishi mamnuniyat bilan tilga olindi.
– Bizga taqdim etilgan 20 ta ushbu “Verifinder” va “Polimaster” uskunalari yordamida temir yo‘l korxonalarida, chegara postlarida va radiologik ob’yektlarda ion nur manbasini aniqlash, ion nur manbasini gamma doza quvvati bo‘yicha o‘lchash va radioaktiv modda turini aniqlashda foydalaniladi, – deydi Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi bosh shifokori J.Jalilov – Bu esa, o‘z navbatida, temiryo‘lchilar va aholini ikkilamchi nurlanishdan saqlash va radiasion holatning barqarorligini ta’minlashga imkon yaratadi. Eng muhimi, mazkur zamonaviy uskunalardan unumli foydalanish uchun mutaxassislarimizda yetarlicha bilim, ko‘nikma va tajriba ham mavjud.
Tadbirda ushbu zamonaviy uskunalar Markaziy sanitariya-epidemiologiya stansiyasi va tarmoq SES mutaxassislariga tantanali tarzda taqdim etildi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI