
Temiryo'lchilarga favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko'rsatish bo'yicha o'quv seminari o'tkazildi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi Yagona dispetcherlik markazida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti bilan hamkorlikda 4 kun davomida ishchi-xodimlari uchun favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmasini oshirish borasida o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘quv-seminar davomida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti favqulodda vaziyatlar koordinatori M.Sabitov temiryo‘lchilarga favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish, jabrlanganlarga tez tibbiy yordam kelguncha birinchi yordam ko‘rsatish, sunʼiy nafas berish, yurak massaji, xushdan ketish, sinishlar, lat yeyish, chiqish va bo‘g‘inlarning cho‘zilishi kabi yo‘nalishlarda batafsil maʼlumot berib o‘tdi.
— Favqulodda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmasi barchamiz bilishimiz kerak bo‘lgan asosiy ko‘nikmalardan biri hisoblanadi, — deydi Yagona dispetcherlik markazi poyezdlar harakati xavfsizligiga doir normativ hujjatlarni bajarilishini tekshirish va nazorati hamda kadrlarni o‘qitish bo‘yicha bosh mutaxassis Taripboy Bekov. — Har qanday bilim ko‘nikma vaqt o‘tgan sari yodimizdan ko‘tarilishi, ayniqsa favqulodda vaziyatda insonda qo‘rquv, hayajon kabi tuyg‘ularning yuzaga kelishi noto‘g‘ri harakat qilishimizga sabab bo‘lib qolishi mumkin. Axir to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rsatilgan birinchi yordam juda katta ahamiyatga ega. Bir yoki ko‘plab insonlarning hayoti siz sabab saqlab qolinishi mumkin. Shu bois ham har yili ishchi-xodimlar mazkur mavzudagi tadbirlar anʼanaviy tashkil etiladi.
Yagona dispetcherlik markazida amaliy mashg‘ulot tarzida tashkil etilgan o‘quv-seminar davomida temiryo‘lchilar o‘z bilimlarini qayta mustahkamlash barobarida, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham mutaxassisdan atroflicha javob olishdi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI