“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida transformatsiya jarayonlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda

Bugun, 18 noyabr sanasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy apparati binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi B.J. Maksimkulov, O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurori I.Sh. Narimov, Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari B.B. Xodjayev, transport vaziri I.R. Maxkamov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi v.b. Z.Gʻ. Narzullayev, boshqa vazirlik va idoralarning hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning mas’ul xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-329-son qarorida belgilangan vazifalar bajarilishiga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda transformatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun jalb qilinayotgan tashkilot – Boston Consulting Group konsalting kompaniyasi vakillari ham tashrib buyurdi.

Yig‘ilishda jamiyatning Transformatsiya ofisi rahbari U.S. Dosmetov bugungi kunga qadar transformatsiya doirasida bajarilgan ishlar, yil yakuniga qadar va 2024 yilda amalga oshirilishi kutilayotgan vazifalar hamda muammoli masalalar to‘g‘risida umumiy ma’lumot berib o‘tdi.

Shuningdek, Moliya boshqarmasi boshlig‘i J.Sh. Qodirov so‘zga chiqib, qarorga muvofiq yangi tashkil etilgan korxonalar o‘rtasida aktivlar taqsimlanishi yuzasidan axborot berdi.

Bundan tashqari, Raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A.X. Axmedov jamiyatda raqamlashtirish jarayonlari sur’atlari to‘g‘risida, yangi tashkil etilgan “Temiryo‘linfratuzilma”, “Temiryo‘lkargo”, Temiryo‘lekspress” aksiyadorlik jamiyatlariga rahbar lavozimlarga tayinlangan xodimlar amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etdi.

Namoyish etilgan taqdimotlarda ushbu korxonalarning asosiy vazifa va funksiyalari, tashkiliy tuzilmalari, faoliyatini amalga oshirish va o‘zaro aloqa qilish mexanizmlari bo‘yicha infografika taqdim etilib, ish jarayonlarini tashkil etishda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarga va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarga to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilish so‘ngida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda transformatsiya jarayonlari o‘z vaqtida amalga oshirilishi, qarorda belgilangan topshiriqlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.


"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
1

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI