“O‘zbekiston” lokomotiv deposining “Chuqursoy” filiali foydalanishga topshirildi
“Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Chuqursoy” stansiyasi hududida “O‘zbekiston” lokomotiv deposining “Chuqursoy” filiali foydalanishga topshirildi.
Majmuaning ochilish marosimida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi A.Komiljonov, “Temiryo‘linfratuzilma” aksiyadorlik jamiyati hamda “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbariyati va bo‘lim boshliqlari, Jamiyat boshqarma boshliqlari, shuningdek, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu korxonaning aynan ushbu hududda bunyod qilinishi bejiz emas. “Chuqursoy” stansiyasi Jamiyat tarkibidagi eng yirik saralash stansiyasi hisoblanadi. Qozog‘istondan yurtimizga kirib keladigan hamda yurtimizdan Qozog‘istonga chiqib ketadigan poyezdlar vagonlari aynan ushbu stansiyada saralanib jo‘natiladi. Shu bois, bu stansiyada ko‘p lokomotivlar, elektrovozlardan foydalaniladi.
– Qariyib 0.70 gektar joyda bunyod qilingan texnik xizmat ko‘rsatish markazida bir sutkada o‘n beshga yaqin lokomotiv va elektrovozlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish imkoniyati mavjud, – deydi “O‘zbekiston” lokomotiv deposining elektrovozlarni taʼmirlash bo‘yicha sex boshlig‘i Jamshid Mirzaraxmedov. – Bu yerda asosan, “TEM2”, “VL60K”, “O‘zbekiston”, “O‘z-yo‘lovchi”, “O‘Z-EI” va “O‘Z-EIR” rusumli lokomotivlarga texnik xizmatlar ko‘rsatiladi. Korxonada ish ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, yaʼni 50 nafar malakali ishchixodim tunu kun faoliyat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Undan tashqari, ishchilarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, o‘quv sinfi, ovqatlanish xonalari, faollar zali, navbatchilik hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlari ham faoliyat ko‘rsatadi.
Endilikda ushbu stansiya va unga yaqin joylashgan barcha stansiyalardagi, shuningdek, Qozog‘iston Respublikasidan kelayotgan yuk poyezdlaridan ajratilgan lokomotivlarni qisqa vaqt mobaynida mazkur markazda texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi va tezroq lokomotivlarning texnik holati haqidagi maʼlumotlarga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi. Bu esa, ham elektr energiyani, ham yoqilg‘i moylash mahsulotlarini iqtisod qilish bilan birga, ortiqcha vaqt yo‘qotishni barataraf etadi. Endilikda lokomotivlarni qisqa vaqtda taʼmirlab, ko‘proq vaqt xalq xo‘jaligi yuklarini tashishga zamin yaratiladi.
Mazkur majmuaning ochilish marosimi davomida ushbu hududda “Temiryo‘linfratuzilma bog‘i” ham barpo qilindi.
Hozirgi kunda Toshkent – Jizzax yo‘nalishidagi temir yo‘l uchastkasining 3600 kilometrida “Temiryo‘l infratuzilma” bog‘ini tashkil qilish borasida ham ishlar olib borilmoqda. Ushbu hududga jami 5000 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.
Tadbir qatnashchilari jami 300 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlarini ekdilar.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI