“Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar”: Temir yo'l tarmog'idagi ijtimoiy yo'nalish

“Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar”: Temir yo'l tarmog'idagi ijtimoiy yo'nalish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan temir yo‘l transporti sohasini isloh qilish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, biznes jarayonlarini raqamlashtirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish hamda respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida o‘tgan yilning so‘nggi oylarida sohada tub islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil yanvar oyiga qadar alohida yo‘nalishlar bo‘yicha “Temiryo‘linfratuzilma”, “Temiryo‘lkargo”, “Temiryo‘lekspress”, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa tashkilotlar tashkil etildi. Shuningdek, bolalar oromgohlari, sog‘liqni saqlash, madaniy-maʼrifiy va sport obyektlarini saqlash, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlardan tushadigan tushumlarni oshirish hamda ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tkazish yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tashkil etilib, ayni paytda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
Bugungi sohaning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi faoliyati va bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida maʼlumot beramiz.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining 2023 yil 24 noyabrdagi 954-sonli buyrug‘iga muvofiq “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tashkil etilgach,  barcha davolash profilaktika muassasalari, sanitariya­-epidemiologiya­ stan­siya­lari, sanatoriyalar, “Qibray”, “Yangi avlod”, “Burchimullo”, “Temiryo‘lchi”, “Alovuddin” bolalar dam olish oromgohlari,  “Rina med” masʼuliyati cheklangan jamiyati jismoniy sport klubi hamda Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tarkibiy tuzilmasi tarkibida faoliyat ko‘rsata boshladi. Mazkur muassasa rahbari etib M.Mamasidikov tayinlandi.
Ayni paytda muassasa tarkibidagi barcha yo‘nalishlarda jami to‘rt mingdan ortiq o‘z kasbining mohir mutaxassislari, ishchi-xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. 
Muassasa tarkibidagi asosiy va eng muhim yo‘nalishlarga 12 ta temir yo‘l birlashgan shifoxonasi hamda Markaziy poliklinika, “Salomatlik” tibbiy sanitar yordam poyezdi kiradi. Bugungi kunda  ushbu soha mutaxassislari  temiryo‘lchilarga va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Toshkent va viloyat markazlaridagi temir yo‘l shifoxona hamda poliklinikalari respublikamiz aholisi orasida eng ishonchli tibbiyot muassasalaridan biri sanaladi.
Sohada zamonaviy tibbiyot yangiliklarini joriy qilish uchun malakali xodimlarni respublikamizdagi nufuzli ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari hamda chet davlatlaridagi tibbiyot markazlarida malakasini oshirishga katta eʼtibor qaratish ko‘zda tutilmoqda.
Sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar rejasiga asosan temiryo‘lchilarning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash, ularning salomatligini mustahkamlash va mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida mehnat qilish, sanitariya-maishiy va ovqatlanish  sharoitlari ustidan sanitariya nazoratini amalga oshirish ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.
Muassasa tarkibiga kirgan yo‘nalishlardan yana biri Temiryo‘lchilar madaniyat saroyidir. Ushbu yo‘nalish temiryo‘lchilarning oila aʼzolari va aholining maʼnaviy-maʼrifiy ehtiyojlarini qondiruvchi, ijodiy qobiliyatlarini rivojlantiruvchi, mazmunli va maroqli dam olishga ko‘mak beruvchi ijtimoiy-madaniy markazdir. Bu yerda musiqa, raqs, teatr, estrada jamoalari, ansambllar, tasviriy sanʼat va musiqa yozish studiyalari hamda xalq ijodiyoti jamoalari tashkil etilgan. Shuningdek, temiryo‘lchi va aholi farzandlari uchun turli raqs, gimnastika va boshqa pullik to‘garaklar ham faoliyat ko‘rsatadi.
Sanatoriya-kurort muassasalari tarkibiga “Qo‘ng‘irot” va “Sihatgoh” profilaktoriyasi kirib, temiryo‘lchilar barcha sharoitga ega bo‘lgan ushbu maskanlarda dam olishadi va sog‘lomlashtiriladi.
Temir yo‘l tizimidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari respublikamizning eng xushmanzara, tabiati go‘zal hududlarda joylashgan. Ayniqsa, tog‘lar bag‘rida, so‘lim go‘shalarda joylashgan oromgohlarda yoz mavsumida soha ishchilarining minglab farzandlari mavsumlar davomida maroqli dam olishadi. Bolalarning jismoniy, maʼnaviy va axloqiy kamol topishiga hamda ularni tarixiy va milliy anʼanalar bilan tanishtirib, ularda umuminsoniy va milliy qadriyatlarni shakllantirishga ko‘maklashiladi. Yoz mavsumida mazkur dam olish maskanlarida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazib, intellektual rivojlangan salohiyatli yoshlar bo‘lib yetishadi.
Poytaxtimizdagi “Rina med” masʼuliyati cheklangan jamiyati jismoniy sport klubi ham “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tarkibiga kiritilib, bu yerda temiryo‘lchilar va ularning farzandlarini sog‘lomlashtirish maqsadida turli sport mashg‘ulotlari, tadbirlar hamda musobaqalar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Muxtasar qilib aytganda, “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi jamoasining asosiy maqsadi va vazifasi Prezidentimiz qarorlari hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi rahbariyati buyrug‘i hamda topshirig‘iga asosan, avvalo, o‘z yo‘nalishida temiryo‘lchilarga sifatli hamda ishonchli xizmat ko‘rsatish, shuningdek, yuqoridagi barcha yo‘nalishlarda aholiga pullik xizmat ko‘rsatishni yana-da yaxshilab, ishlab topilgan mablag‘lar hisobiga sohani tibbiyot va boshqa yo‘nalishlarda yangi texnologiyalar bilan taʼminlab, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga mos ravishda davom ettirishdan iborat.

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI