Temir yo'lda "Harakat xavfsizligi kuni": Мintaqaviy temir yo'l uzellarida tadbirlar va nazorat tekshiruvlari

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan har chorshanba kuni barcha korxona, tashkilot va muassasalarda “Temir yo‘l harakati xavfsizligi kuni” o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbir xodimlarning ongliligi va mas’uliyatini oshirish, temir yo‘l transportida xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.

Temir yo‘l harakati xavfsizligi kuni treninglar, seminarlar, brifinglar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni tekshirish kabi turli tadbirlarni, shuningdek, evakuatsiya va birinchi yordam bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu tadbirlarning barchasi xodimlarni yuzaga kelishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlarga tayyorlash va temir yo'l transportida xavfsizlikni ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Masalan, "Qarshi mintaqaviy temir yo'l uzeli" UK misolida uzelga tegishli stansiyalarni nazorat qilish, Lokomotiv depoda, sexlar va boshqa muassasalarni tekshirish tashkil etildi. Tadbir davomida ta'mirlash sexlarining holati, texnik hujjatlarni yuritish, xo'jalik ish jarayonlari, xodimlarning xavfsizlikni tashkil etish bo'yicha ko'nikmalari va bilimlari o'rganildi. Aniqlangan kamchiliklar bo'lsa, bo'lim boshlig'i ularni bartaraf etish bo'yicha tegishli ko'rsatmalar beradi.

Shuningdek, "Toshkent mintaqaviy temir yo'l uzeli" UKda 10ga yaqin stansiyalarda hududida oʻtkazgichli strelkalar, aloqa hamda energiya ta'minot tizimlarining sozligi, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari kesishmalari, shoxobcha yoʻllar, temir yoʻl yon atroflari birma bir koʻzdan kechirildi. Nazorat davomida stansiyalarda ishlayotgan xodimlar tomonidan mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi, texnik hujjatlarning yuritilishi, oldingi tekshirishda berilgan topshiriqlarning bajarilishi atroflicha o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan ham ko‘rsatmalar berildi.

Bundan tashqari, Temir yo‘l harakati xavfsizligi kuni doirasida temir yo‘l kesishmalarida o‘zini tutish qoidalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, temir yo‘l transportida yong‘in va baxtsiz hodisalarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Aytish joizki, temir yo‘l harakati xavfsizligi kunida ishtirok etish “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning barcha xodimlari uchun majburiydir. Har bir xodim temir yo‘l transportida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha treningdan o‘tadi va zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.

Shunday qilib, "Harakat xavfsizligi kuni" temir yo‘l transportida xavfsizlik darajasini oshirishga qaratilgan muhim tadbirdir. Mazkur tadbir tufayli Jamiyat xodimlari o‘zlari uchun ham, temir yo‘l transportida yo‘lovchilar va yuklar xavfsizligini ta’minlash imkonini beruvchi zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda. 

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI