"QMZ" AJ: Zavodning sanoat mahsulotlari ko'rgazmasi bo'lib o'tdi
Bugun 2024-yil 14-may kuni "Quyuv-mexanika zavodi" AJ (QMZ) ishlab chiqarish maydonida sanoat korxonalari rahbarlarini zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishtirish, qo'shimcha buyurtmalar shakllantirilishini ta'minlash, shuningdek, boshqa korxonalar bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni ishga tushirish orqali yangi va mavjud kooperativ aloqalarni mustahkamlash maqsadida ko'rgazma bo'lib o'tdi.
Toshkent shaxar xokimligi bilan birgalikda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada Toshkent shaxar xokimligi mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha maslaxatchisi, Bektemir tumani xokimi, Savdo sanoat palatasi vakillari va Savdo sanoat palatasi Toshkent shaxar xudidiy boshqarmasi boshliq o‘rinbosari va biznesi rivojlantirishtirish markazi xodimlari xamda 50 dan ortiq toshkent shaxridagi tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Ta'kidlash joizki, 2003 yildan hozirgi kunga qadar "Quyuv-mexanika zavodi" AJ "O'zbekiston temir yo'llari"AJ tarkibiga kiradi. Zavod faol rivojlanmoqda, temir yo'l transporti va boshqa og'ir sanoat tarmoqlari ehtiyojlari uchun import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaradigan mahalliylashtirish dasturini amalga oshirmoqda. 2008 yilda yangi yuk vagonlari, 2014 yildan boshlab quyish mahsulotlari ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Zavodning umumiy yer maydoni 40,5 gektarni tashkil etadi, shundan ishlab chiqarish bilan bog'liq xo'jalik binolari 13,38 gektarni tashkil etadi. Ishchi xodimlar soni – 1 250.
Korxonaning asosiy faoliyati 6 turdagi yuk vagonlarini ishlab chiqarish, joriy va kapital ta'mirlash, shuningdek, barcha turdagi yuk vagonlarini modernizatsiya qilish, katta va kichik yuk vagonlarining quyma qismlarini ishlab chiqarish, shuningdek metall konstruksiyalar va nostandart uskunalar ishlab chiqarishdir.
Ko'rgazma davomida mehmonlar uchun xalqaro muvofiqlik sertifikatiga ega bo'lgan "Quyuv-mexanika zavodi" AJ tomonidan ishlab chiqarilgan yangi zamonaviy yuk vagonlari taqdim etildi:
1. 12-9922 modelidagi universal yarim vagon 2012 yilda ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi;
2. 11-9923 modelidagi yopiq vagon 2012 yilda ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi;
3. 19-9596 modelidagi sement tashuvchi xopper vagon 2017 yilda ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi;
4. 19-9600 modelidagi mineral o'g'it tashish xopper vagon 2018 yilda ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi;
5. 13-6991 modelidagi uzun bazali konteyner tashish uchun platforma vagon 2019 yilda ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi;
6. 19-9600-01 modelidagi don tashish uchun xopper vagon 2022 yilda ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.
Bundan tashqari, tadbir davomida korxonada ishlab chiqarilayotgan yuk vagonlarining mahalliylashtirilgan asosiy ehtiyot qismlari taqdim etildi: ressor usti balkasi, yon tomon ramasi, ikki o'qli arava, pyatnik, friksion pona, avto tirkama, orqa tirgak, oldi tirgak, tortgich xomuti va boshqalar.
Korxonada ishlab chiqarilgan yuk vagonlarining mahalliylashtirilgan asosiy ehtiyot qismlari ham taqdim etildi. Yuk vagonining ramasi, yuk vagonining lyuki, yuk vagonining yon devori, yuk vagonining old va orqa devori.
Zavod rahbariyati 2023 yilda 421 ta yangi yuk vagonlari, 11 092 tonna quyish mahsulotlari ishlab chiqarilganini ma'lum qildi. 2024 yilda 1551 ta yuk vagonlari, 22 432 tonna quyish mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, yangi va innovatsion turdagi vagonlarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan Dumpkara VS-105 vagoni va inovatsion turdagi yarim ochiq vagon.
2023 yilda eksport hajmi 9,9 million dollarni, 2024 yilda esa tuzilgan shartnomalar bo'yicha 7,0 million dollarni tashkil etmoqda. Hozirgi vaqtda eksport hajmini 10,0 million dollardan oshirish maqsadida Rossiya, Turkmaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston va BAAning nufuzli kompaniyalari bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzish bo'yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Bunday ko'rgazmalarning o'tkazilishi ishlab chiqarishni rivojlantirish, mamlakatimiz korxonalari mahsulotlarini ommalashtirish va turli sohalarda kooperatsiya aloqalarini yo'lga qo'yishda muhim vosita bo'lmoqda.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI