
Bolalar temir yo‘l oromgohlarida yangi yoz mavsumiga tayyorgarlik boshlandi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi rahbariyati va O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi qo‘shma qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan hamda soha xodimlari farzandlarini maroqli, sermazmun, yuqori saviyada dam oldirish maqsadida barcha bolalar oromgohlariga biriktirilgan masʼul tashkilotlar tomonidan taʼmirlash hamda obodonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Oromgohlardagi mavsumga tayyorgarlik jarayonini o‘rganish maqsadida Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashidan tuzilgan komissiya aʼzolari joriy yil 7-8 may kunlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ga tegishli bo‘lgan barcha oromgohlarda bo‘lib qaytdilar.
Kommissiya aʼzolari avvalo “Yangi avlod” bolalar oromgohida bo‘lib u yerdagi ishlar bilan tanishdilar. Oromgohni mavsumga tayyorlash hamda tozalash ishlarini olib borish uchun 20 nafar ishchilar jalb qilingan bo‘lib, ular kir va idishlarni yuvish mashinalari, muzlatgichlar, mebellar, tumbochkalar, krovatlarni, favvoralar, cho‘milish hovuzi, oyoq va qo‘l yuvish joylari hamda dushxonalarni suv bilan taʼminlash tizimlarini va boshqalarni taʼmirlash ishlarini olib bormoqdalar. Obodonlashtirish ishlari yakunlanib, turli daraxt ko‘chatlari ekilgan. Bundan tashqari ushbu oromgohda har bir pavilyon yoniga yangi va zamonaviy ko‘rinishdagi hojatxonalar qurilmoqda.
“Qibray” bolalar oromgohida kundalik ishlarni olib borish uchun 30 nafar ishchilar safarbar qilingan bo‘lib, u yerda yuqoridagi taʼmirlash ishlari bilan birgalikda Toshkent aloqa va signallashtirish masofasi tomonidan yaroqsiz holga kelgan bannerlar, maʼrifat va maʼnaviyat xonasidagi yong‘indan ogohlantiruvchi plakatlarni yangilash ishlari boshlab yuborilgan. Gaz-qozonlar, plitalar, suv tortish qudug‘i va unga o‘rnatilgan suv tortish nasosi tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lib, maʼrifat va maʼnaviyat xonasidagi stol va stullarni yangisiga almashtirish rejalashtirilgan.
“Burchi-Mullo” bolalar oromgohi bo‘yicha ham taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Oromgohda futbol, basketbol, voleybol sport maydonchalarini taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilgan. Oromgohning talabnomalari asosida sport inventarlarini olish, xo‘jalik uchun zarur ashyolar bilan taʼminlash ishlari olib borilmoqda. Oromgohda kundalik ishlarni olib borish uchun 10 nafar ishchilar ishga jalb qilingan.
“Temiryo‘lchi” bolalar oromgohi bo‘yicha “Temiryo‘lchi” bolalar oromgohi Qamchiq yo‘l xo‘jaligi (PCH-3) korxonasiga biriktirilgan bo‘lib, hozirgi kunda Qo‘qon MTUga qarashli korxonalar qurilish brigadalari tomonidan tibbiyot xonasi, dushxona, pavilyonlarda, futbol maydonchasi va tantanalar o‘tkazish maydonchasidagi minbar zamonaviy usulda taʼmirlash ishlari olib borildi. Oromgohda xo‘jalik ishlari xodimlari tomonidan tozalash, obodonlashtirish, daraxtlarga shakl berish ishlari yakuniga yetkazildi. Oromgoh hududidagi qo‘l yuvish kranlari zamonaviylarga almashtirish rejalashtirilmoqda.
“Qo‘ng‘irot” sanatoriy-profilaktoriysi bo‘yicha Bugungi kunda sog‘lomlashtirish maskanida joriy taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Sog‘lomlashtirish maskanida mavsum davomida kommunikatsiya tizimining sozligi, joriy taʼmirlash, oshxona va oziq-ovqat, dori-darmon medikamentlarni saqlash, asbob-anjomlari hamda xizmat ko‘rsatuvchi avto va aloqa texnikalari bilan taʼminlash ishlari boshlab yuborilgan. Bolalar sog‘lomlashtirish markazini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan o‘z vaqtida va yetarli miqdorda taʼminlash ishlarini tashkil qilinishi nazoratga olingan. Mavsum davomida davlat raqami KA 073 “Damas” rusumli avtotransport bilan taʼminlanishi belgilangan. Mavsumda malakali va yetarli tajribaga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlari va malakali tarbiyachi yaʼni, oliy maʼlumotli va yetarli tajribaga ega bo‘lgan xodimlar bilan taʼminlanishi belgilangan. Bolalar sog‘lomlashtirish markazida tasdiqlangan grafik asosida bolalarning hayoti, sog‘ligini mustahkamlash, jismoniy rivojlanishi va tayyorgarlik darajasini oshirish, ular bilan mavsum davomida bolalarning yoshi va sport turining o‘ziga xos xususiyatlari asosida musobaqalar va boshqa tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish belgilangan.
Tekshiruvlar davomida komissiya aʼzolari tomonidan barcha oromgohlar bo‘yicha xulosa qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish uchun yo‘riqnomalar berilib, kerakli qo‘shimcha takliflar berildi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI