Bolajonlarning taʼtilda sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olishlari uchun tayyorgarlik ishlari davom etmoqda

Bolajonlarning yozgi taʼtil davrida maroqli dam olib, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarida sog‘lomlashtirish oromgohlarining o‘rni beqiyos. Shu bois mavsumga bu yil har yilgidan ham ko‘ra o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
 
Xususan, davlatimiz rahbarining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 329-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi rahbariyati va O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2024 yil 8 apreldagi 6-7 “S”-sonli qo‘shma qarori bo‘yicha mutasaddi tashkilotlari qatorida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Ayni paytda “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi tarkibidagi “Qibray”, “Yangi avlod”, “Birchimullo”, “Temiryo‘lchi” hamda “Alovuddin” yozgi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida obodonlashtirish ishlari yakunlanish arafasida. Ko‘kalamzorlashtirish ishlari bo‘yicha turli manzarali daraxtlar, gul ko‘chatlari ekildi. Qurilish, taʼmirlash va pardozlash ishlariga yetarlicha ishchi kuchlar jalb qilingan bo‘lib, oromgohlar mavsumga to‘liq shay holatga keltirilmoqda.

Bolalarning sifatli sog‘lomlashtirilishi va dam olishi uchun sharoit yaratish borasida barcha ishlar oromgohlarga biriktirilgan jamiyatlar, tashkilot va korxonalar bilan birgalikda belgilangan tartibda olib borilmoqda.

Shu bilan birga bolalarni sog‘lomlashtirish oromgohlarida bo‘sh vaqtlarini mazmunli va xavfsiz o‘tkazish uchun qiziqarli mashg‘ulotlar bo‘yicha dam olish rejalari tuzildi.

Ushbu rejaga asosan bolalar yoshi va qiziqishiga ko‘ra tibbiyot, uchuvchilar, temiryo‘lchilar, shovvozlar va oshpazlar guruhlaridan iborat tarkibda vaqtlarini unumli o‘tkazadilar. Shuningdek, qo‘shimcha o‘quv reja sifatida IT va ingliz tili bo‘yicha to‘garak darslari ham tashkillashtirilishi rejalashtirilgan. Bolalar vaqtini yana-da maroqli o‘tkazish uchun toshga tirmashib chiqish, kamondan o‘q uzish, kosmik tadqiqotlar, velosport, arqon yo‘laklar, virtual olam va ot minish kabi bir-biridan qiziqarli mashg‘ulotlar ham tashkillashtiriladi.

Oromgohlarda bolalarni sog‘lomlashtirish va chiniqtirish tadbirlari samarali o‘tkazilishi uchun tibbiy xodimlar tomonidan ham puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga bolalarni sog‘lomlashtirishda, ularning immunitetini oshirish, umumiy ahvolini yaxshilash hamda surunkali kasalliklarning qaytalanishini oldini olish maqsadida yangi fizioterapiya usulini qo‘llash rejalashtirildi.

Oromgohlarning har biriga o‘z ishiga sidqidildan yondashadigan pedagog-tarbiyachi, yetakchi, to‘garak rahbarlari, ichki ishlar xodimlari jalb etiladi. Tibbiyot xodimlari bolalar sihatini nazorat qilib borsa, yetakchilar turli qiziqarli o‘yin va musobaqalar bilan ularning vaqtini maroqli o‘tkazishga yordamlashadi. Oshpazlar esa mazali taomlar tayyorlab, kelajagimiz egalarining jismoniy kamolotiga hissa qo‘shadilar.

Asosiysi, bolalarning miriqib dam olishi, ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit yaratilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan birgalikda oromgohlarning moddiy-texnik negizini mustahkamlash, yaʼni ayrimlarini yangidan qurish, boshqasini rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va barcha jihozlar bilan taʼminlagan holda bolalarga sifatli xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.


"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI