
Hamkorlikning yangi istiqbollari: O‘zbekiston va Pokiston temir yo‘l yuk tashish sohasida qo‘shma loyihalar yaratishni muhokama qildi
2024-yilning 27-iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati Pokiston milliy logistika korporatsiyasi (NLC) mas’ul xodimlari bilan muzokaralar o‘tkazdi, unda transport, logistika va tranzit savdosi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari X.Raxmetov boshchiligida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda, shuningdek, “Temiryo‘lkargo” AJ bosh direktori A.Muminov, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ bosh direktori o‘rinbosari X.Odilov, “O‘zbekjeldorekspeditsiya” AJ bosh direktori o‘rinbosari S.Salimov va boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etdilar. Uchrashuvda pokistonlik hamkasblar nomidan NLC raisi Farrux Shahzod Rao, loyiha brigadiri Muhammad Yusuf va mas’ul mutaxassis Shaib Xakvoniy ishtirok etdi.
Pokistondan O‘zbekiston orqali MDH davlatlari, xususan, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va boshqa davlatlarga multimodal temir yo‘l tashishlarini amalga oshirish (Transafg‘on temir yo‘l koridorini qurilishi paytida) asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘ldi. Pokiston tomoni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashishga bo‘lgan katta talabni hisobga olgan holda ushbu taklifga qiziqish bildirdi.
O‘zbekiston tomoni ushbu yo‘nalishlarda tashish uchun qulay shart-sharoitlar va chegirmalar taklif qilgan holda, qishloq xo‘jaligi mevalarini tashishda muzlatgichli vagonlardan foydalanish imkoniyatini ta’kidladi.
Pokiston tomoni davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, Pokiston Islom Respublikasida temir yo‘l transportini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi. Farrux Shahzod Rao NLCning mintaqaviy aloqalarni, ayniqsa, Markaziy Osiyo respublikalari va mintaqaning boshqa mamlakatlariga quruqlikdagi transportini rivojlantirish tashabbuslari haqida gapirdi. Bu hamkorlik Pokiston va O‘zbekiston, shuningdek, mintaqadagi boshqa davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini mustahkamlash orqali ishbilarmon doiralarga naf keltirishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, tomonlar har bir davlatda logistika inshootlari, omborlar va tranzit terminallarini qurish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, Karachi portida NLC kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha X.Raxmetov va Farrux Shahzod Rao o‘zaro hamkorlikning bir necha bosqichlarini nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Multimodal logistika sohasida hamkorlikni kengaytirish, yuk tashish hajmini oshirish va ikki davlat orqali koʻproq yuklarni jalb etish rejalashtirilgan.
*National Logistics Corporation (NLC) — Pokistondagi yirik yetakchi multimodal logistika tashkiloti boʻlib, multimodal logistika xizmatlari, transchegaraviy tashish uchun kompleks yechimlarni va boshqa xizmatlarni taklif etadi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI