Hurmatli hamkasblar, aziz temiryo‘lchilar!
Sizlarni kirib kelayotgan Yangi 2025 yil bilan samimiy qutlayman! Bu kunlarda har birimiz o‘tgan yilni sarhisob qilib, kelajak sari yangi marralarga intilamiz va bu nafaqat yutuqlarning xulosasi, balki oldindagi katta maqsadlarni amalga oshirish uchun kuch yig‘ish vaqtidir.
2024 yil biz uchun ulkan yangiliklar va muvaffaqiyatlar yili bo‘ldi. Kompaniyamiz nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, balki zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, infratuzilmani rivojlantirish va transformatsiya jarayonlarini amalga oshirishda katta qadamlar tashladi.
2024 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarixidagi eng muhim bosqichlardan biri — Transformatsiya jarayoni boshlangani desak adashmagan bo‘lamiz.
Xolding tarkibida yangi tuzilmalar tashkil etildi. Bu jarayon kompaniyada shaffoflikni taʼminlash, kuchli va zaif nuqtalarni aniqlash va ularni samarali boshqarish imkonini berdi.
Transformatsiya va raqamlashtirish ishlari nafaqat biznes jarayonlarimiz samaradorligini oshirmoqda, balki umumiy tizimni global bozor talablariga moslashtirish imkonini ham beryapti.
2024 yilda biz xalqaro miqyosda ham yirik loyihalarni amalga oshirishni boshladik. Ulardan eng muhimlaridan biri — “Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston”temir yo‘li qurilishi loyihasiga start berilganidir.
Bu loyiha uch davlat o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash, yuk tashish hajmini keskin oshirish, Markaziy Osiyoning global savdo zanjirlariga integratsiyasini taʼminlash,Mamlakatimiz logistika sohasidagi yetakchi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan 2024 yilda yangi tahrirda qabul qilingan “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun bizga zamonaviy talablarga javob beradigan infratuzilmani rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va raqobatbardosh logistika tizimini yaratish imkoniyatini berdi. Bu qonun sohamizning qonuniy asoslarini yana-da takomillashtirdi va yangi investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.
Ushbu yutuqlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va Hukumatimizning tizimli ko‘magi natijasida amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari va hukumatimiz bizga yaratgan imkoniyatlar kompaniyamizning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam asos bo‘ldi.
Bizning maqsadimiz — yuk va yo‘lovchi tashish xizmatlarini rivojlantirish hamda O‘zbekistonni mintaqaviy logistika markaziga aylantirishdir.
Aziz do‘stlar!
2025 yil biz uchun ulkan imkoniyatlar yili bo‘ladi. Oldimizda turgan vazifalar kompaniyamiz, shuningdek yurtimizning umumiy rivojlanishi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Biz raqamlashtirish jarayonlarini davom ettiramiz. Bu orqali yuk va yo‘lovchi tashish samaradorligini oshirish, operatsion xarajatlarini kamaytirish va mijozlarimizga yana-da qulay sharoitlar yaratishga erishamiz.
Yangi temir yo‘l liniyalari, vokzallar va ko‘priklar qurilishi va rekonstruksiya qilish hamda yuk va yo‘lovchi vagonlarni qurish va modernizatsiya qilish orqali transport tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishni davom ettiramiz.
Xodimlarimizning ish sharoitlarini yaxshilash va ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash kompaniyamiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.
2025 yil har birimiz o‘z vazifalarimizga masʼuliyat bilan yondashish orqali katta yutuqlarga erishishimiz mumkin.
Aziz temiryo‘lchilar, yutuqlarimiz faqatgina jamoamizning mehnati natijasi emas. Bu mamlakatimiz rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi, ular tomonidan yaratilgan imkoniyatlar va keng ko‘lamli islohotlar natijasidir. Prezidentimiz va hukumatimizga ushbu sharoitlarni yaratib berganlari uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman. Biz ularning ishonchini oqlash uchun barcha kuch-g‘ayratimizni safarbar qilamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Yangi 2025 yil siz va oilangizga sog‘lik, baxt, farovonlik va tinchlik olib kelsin! Har biringizning orzu-maqsadlaringiz amalga oshsin.
Biz birga ekanmiz, har bir harakatimiz nafaqat kompaniyamiz, balki yurtimizning ravnaqiga ham hissa qo‘shadi.
Shu o‘rinda sizlarga chuqur tashakkur aytib, kelgusi yilda ham bundan-da yuksak marralarni zabt etishga chaqiraman. Har bir qo‘yilgan qadamimiz faqatginamuvaffaqiyat va omad keltirsin!
Kirib ketayotgan yangi 2025 yilingizmuborak bo‘lsin!
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ
boshqaruv raisi
Z.Narzullayev
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI