TEMIR YO‘LNING KATTA LOYIHALARINI AMALGA OSHIRISH ISHLARI OLIB BORILMOQDA

“Ozbekiston temir yo'llari" aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi "1-son energomontaj poyezdi" mas'uliyati cheklangan jamiyati tizimning eng muhim korxonalaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston temir yo‘llarida qurilish va uchastka liniyalarini elektrlashtirish, elektr tarmoqlari hamda havo va kabel liniyalarini qayta qurish, elektr qurilmalarini sinovdan o‘tkazish hamda foydalanishga topshirish, kapital ta’mirlash ishlarini bajarishda ushbu korxona rahbar va xodimlari har yili salmoqli ishlarni amalga oshirib keladi. Ayniqsa, 2024 yil tajribali jamoa rahbariyati va fidoyi xodimlar uchunjuda mas’uliyatli, barakali, ish ko‘lami bir muncha yuqori yil bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

– Korxonamiz mutaxassislari bilan o‘tgan 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-yanvardagi “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki bilan hamkorlikda “Buxoro – Urganch – Xiva” va “Miskin – Nukus” temir yo‘l liniyalarini elektrlashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5-sonli qarori bo‘yicha “Buxoro – Urganch – Xiva” temir yo‘l liniyasidagi 473 kilometr masofada elektrlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi, – deydi “1-son Energomontaj poyezdi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ruslan Nizomov. – Ushbu uchastkada kontakt simlarini to‘g‘rilash, kontakt tarmog‘ini elektr toki hamda temir yo‘l uskunalari va qurilmalarini elektr toki bilan ta’minlovchi (DPR) elektr liniyalarini tortish, beton-ustun yerlatgichlarni o‘rnatish (zazemleniya), beton-ustunlarni raqamlash hamda birinchi marotaba “Urganch” va “Xazorasp” stansiyalarida nimstansiya qurish ishlarining bajarilishiga 9 ta energouchastka ishchi-xodim va mexanizatorlari jadal sur’atda ish olib borishmoqda.

Bundan tashqari, ushbu korxona jamoasi o‘tgan yilda Toshkent shahrida bunyod etilgan Toshkent metropoliteni xalqa yo‘li qurilishi liniyasining 2-bosqich loyihasi doirasida amaldagi “O‘zbekiston” deposini modernizatsiya qilish obyektini muvaffaqiyatli yakuniga yetkazdi. Shuningdek, “Toshkent” – “Yangi-Chinoz” temiryo‘l stansiyalari oralig‘ining kontakt tarmog‘i va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarini rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish, “Toshkent – Samarqand temir yo‘l uchastkasida kontakt tarmog‘ini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish” hamda “Pop – Namangan – Andijon” temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish”, “Buxoro” lokomotiv deposiga kiruvchi temir yo‘lni elektrlashtirish loyihalariga ishchi-xodimlar jalb qilinib, qurilish-montaj ishlari ishonchli nihoyasiga yetkazildi.

Joriy 2025-yil mobaynida ham “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi rahbariyati tomonidan “1-son Energomontaj poyezdi” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasiga katta loyihalar ishonib topshirilgan. Xususan, “Miskin – Nukus temir yo‘lining kontakt tarmog‘ining qurilishi jarayonida 5 ming 37 dona temir-beton tayanch va ustunlarni o‘rnatish va 196 kilometr kontakt tarmoqlari hamda “Buxoro – Urganch –Xiva” temir yo‘l uchastkalarida 27,5 kvli 464 kilometr temir yo‘l uskunalari va qurilmalarini elektr toki bilan ta’minlovchi (DPR) elektr tarmoqlarini qurish, “Xazorasp” va “To‘rtko‘l” stansiyalarida qurilishi ko‘zda tutilgan temir yo‘l tarmog‘ini uzluksiz elektr toki bilan ta’minlovchi tortuvchi nimstansiyalarning qurilish-montaj ishlarini 2025-yilning so‘nggiga qadar to‘liq tugatib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. 

Ahil va tajribali mutaxassislarga ega korxona jamoasi bu yilgi vazifalarni ham sharaf va mas’uliyat bilan bajarishga bel bog‘lagan. Biz ularning nafaqat temir yo‘l, balki yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida qilayotgan ishlariga katta muvaffaqiyat tilab qolamiz.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI