
“BAYTQO‘RG‘ON – PARKENT” ELEKTRLASHTIRILGAN TEMIR YO‘L QURILISHI BOSHLANDI
Bugun Toshkent viloyatining Parkent tumanida “BAYTQO‘RG‘ON – Parkent” oralig‘ida elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda turizm sohasini izchil rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib turizim markazlari barpo etilmoqda. Endilikda Toshkent viloyati Parkent tumani ham sayyohlik manziliga aylanadi. Bu nafaqat mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratadi, balki mamlakat turizm sektoriga ham katta foyda keltiradi. Elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi, albatta, bu jarayonni yanada osonlashtiradi, chunki transport aloqalarining yaxshilanishi sayohatchilarni ko‘proq jalb qilishga yordam beradi.
Shu maqsadda davlatimiz rahbari topshirig’iga ko‘ra tumanni poytaxt bilan bog’lovchi yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishiga start berildi.
Loyiha bo‘yicha “BAYTQO‘RG‘ON – Parkent” elektrlashtirilgan temir yo‘li umumiy uzunligi 23,8 kilometrdan iborat bo‘ladi. Yangi yo‘nalishni loyihalash ishlari “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati, qurilish ishlari esa temiryo‘lchi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida 2 ta ajratish punkti, 4 ta ko‘prik, 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel turidagi yo‘l o‘tkazgich, 78 ta suv o‘tkazish inshooti, 7 ta avtomobil yo‘li va temir yo‘li kesishmasi qurilishi rejalashtirilgan.
Ushbu yangi loyiha yakuniga yetib, foydalanishga topshirilgach Parkent tumanining tog‘li so‘lim go‘shalariga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, sayyohlar oqimi sezilarli darajada ortishiga zamin yaratiladi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI