
Kadrlar masalasi: Qisqa muddatli o‘quv kursi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining 2025-yil 15-yanvardagi “2025 yilda “Qisqa muddatli malaka oshirish kursini tashkil etish to‘g‘risida” gi 29-N-son buyrug‘iga asosan, «Temiryo‘linfratuzilma» aksiyadorlik jamiyati Personalni tayyorlash muassasasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksidagi asosiy o‘zgarishlar va yangi normalar” mavzusida joriy yilning 27-yanvar kunidan boshlab 36 akademik soatga mo‘ljallangan videokonferensiya shaklidagi o‘quv kurslari tashkil etildi.
– Bundan asosiy ko‘zlangan maqsad xodimlar, ish beruvchilar va Jamiyat manfaatlarining muvozanatini taʼminlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish yuzasidan Jamiyat tarkibiy bo‘linma va korxonalarida faoliyat yuritayotgan kadrlar bo‘limi masʼul xodimlari hamda yuridik xizmat xodimlarining faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashish va eng asosiysi huquqiy bilimlarni yana-da mustahkamlash,– dedi Personalni tayyorlash muassasasi o‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Ibragimov.
Ushbu 5 kunlik o‘quv kurslariga jami 206 nafar korxonalarida faoliyat yuritayotgan kadrlar bo‘limi masʼul xodimlari hamda yuridik xizmat xodimlari jalb qilingan bo‘lib, kurslarni Toshkent davlat yuridik universiteti, Mehnat huquqi kafedrasining katta o‘qituvchisi, advokat Karimjonov Muhammadamin olib bormoqda. U tinglovchilarga tavsiya etilgan o‘quv dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Mehnat Kodeksida ishga qabul qilish bosqichlari, ishga qabul qilish jarayonining tartibi, mehnat shartnomasi shartlari bo‘yicha taraflarning kelishuvlari, mehnat shartnomasini tuzish, ishga qabul qilish haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish, ish beruvchilar va davlat manfaatlari muvozanatini taʼminlash, mehnat huquqlarining tengligi, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik, mehnat huquqlarini taʼminlanishi va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlari bo‘yicha kiritilgan normalar haqida batafsil maʼlumotlar bermoqda.
Xususan, o‘quv kursining birinchi kuni kadrlar xizmat faoliyatiga doir bo‘lgan ro‘yxatga olish va hisobga olish hujjatlari hamda hujjatlar yig‘majildlari nomenklaturasi, mahalliy hujjatlar (jamoa shartnomasi, jamoa kelishuvi, ichki mehnat tartibi qoidalari, lavozim yo‘riqnomalari), “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonunning mehnat qonunchiligiga aloqador qismlari, “Temir yo‘lda intizom to‘g‘risida”gi nizom va boshqa hujjatlar, fuqarolarni ishga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bo‘yicha tushuntirishlar berib o‘tilib, tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha huquqiy javob berildi.
O‘quv kursi yakuniga qadar ishga qabul qilish, boshqa ishga o‘tkazish, taʼtillar, mehnat shartnomasini bekor qilish, ish vaqti va dam olish vaqti, mehnatga haq to‘lash, intizomiy jazolar va boshqa mavzularni atroflicha ko‘rib chiqish va muhokama qilish rejalashtirilgan.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI