
2024 yilgi hisobot va rejalar muhokama qilinib, joriy yilgi rejalar belgilab olindi
26 mart kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati markaziy apparatining majlislar zalida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi aʼzolarining birgalikdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda majlisning kun tartibiga ko‘ra “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan 2023-2025 yillar uchun qabul qilingan tarmoq jamoa kelishuvining majburiyatlarini bajarish bo‘yicha 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yilgi bolalarni yozgi dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish hamda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, departamentlar, boshqarmalar, markazlar, xizmat boshliqlari va korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari hamda Respublika Kengashiga aʼzo va tasarrufdagi barcha bo‘g‘indagi kasaba uyushma tashkilotlari raislari va faollari, tasarrufdagi temiryo‘l ijtimoiy xizmat muassasa rahbarlari, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati yetakchilar Kengashi vakillari ishtirok etdi. Yig‘ilishga Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov raislik qildi.
Dastlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Sh.Kadirov ham ishtirok etib, 2024 yilda temiryo‘lchilarimiz tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yuk va yo‘lovchi tashishda erishilgan ko‘rsatkichlar, investitsiya loyihalari doirasida amalga oshirilgan bunyodkorliklar, tarmoq xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bajarilgan ishlarning hisoboti bo‘yicha maʼruza qildi. 2025 yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi bilan hamkorlikda yuk va yo‘lovchi tashishda harakat xavfsizligini taʼminlash, ko‘rsatkichlarni oshirish hamda ishchi-xodimlarni ijtimoiy tomonlama yana-da qo‘llab-quvvatlashga katta ahamiyat berilishini aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston temiryo‘lchilar va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov maʼruzasi tinglandi. Temiryo‘lchilarga ijtimoiy jihatdan ko‘rsatilayotgan g‘amg‘o‘rliklar, eʼtibor va ularni munosib rag‘batlantirish bo‘yicha qilingan ishlar haqida hisobot berdi. Shuningdek, temiryo‘lchilar farzandlarini yozgi mavsumda maroqli dam olishlarini taʼminlash masalasi kun tartibining asosiy mavzusiga aylandi.
Muhokamalar jarayonida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining tegishli korxonalari rahbarlari va tizimdagi kasaba uyushma tashkilotlari raislari ham faol qatnashdilar. Ular so‘zga chiqib, yillik hisobotlari tinglandi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlanib, yechimini kutayotgan masalalar ijrosini taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar olishdi.
Tadbir davomida joylarda ishlab chiqarish jarayonida yuzaga keladigan kamchiliklarni bartaraf etish, mehnat muhofazasi talablarini to‘laqonli tashkil etishda kasaba uyushmalari xodimlari mehnat muhofazasi masʼullari bilan hamkorlikda chora-tadbirlar belgilanib, ularni sifatli amalga oshirish taʼkidlandi. Bu boradagi ishlarni yana-da jonlantirish lozimligi aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinib, bajarilishi bo‘yicha nazorat o‘rnatildi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI