
"UTY" AJ delegatsiyasi temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni muhokama qilish uchun Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi
2025-yilning 8-11-aprel kunlari "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari X.Raxmetov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, Transport vazirligi, Moliya vazirligi va "Boshtransloyiha" vakillari ishtirok etishdi.
Tashrif davomida Koreyaning "EksimBank", "Hyundai Rotem", "Korail," "Korea National Railway", "Saman Corporation" va "Dongmyung" kabi yetakchi kompaniyalari prezidentlari va rahbarlari bilan muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikka oid ko‘plab muhim masalalarni muhokama qildilar.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri – O‘zbekiston transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochadigan tezyurar temir yo‘llarni loyihalashtirish bo‘ldi. Shuningdek, tomonlar harakat tarkibini sotib olish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli kredit ajratish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, temir yo‘l sektorining samarali faoliyat yuritishi uchun muhim bo‘lgan raqamlashtirish va kadrlar malakasini oshirish sohasida tajriba almashish muhimligiga e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, tomonlar temiryo‘lchilarni o‘qitishga kelishib olindi. Bu xodimlarning malakasini oshirishni, yangi texnologiyalar va uslublarni o‘zlashtirishni, shuningdek, poyezdlar harakati xavfsizligi va temir yo‘l transporti infratuzilmasidan texnik foydalanish bo‘yicha kompetensiyalarni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Dastur temir yo‘l tizimini modernizatsiya qilish vazifalarini samarali hal qilish va umuman transport sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlashga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida temir yo‘l transporti sohasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. O‘tkazilgan muzokaralar infratuzilmani rivojlantirish va xizmatlar sifatini yaxshilash orqali kelgusidagi samarali hamkorlik uchun zamin yaratadi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI