Toshkent Davlat Transport universitetida “Ilgʻor muhandislik maktabi” ochiladi

Toshkent Davlat Transport universitetida “Ilgʻor muhandislik maktabi” ochiladi


Mamlakatimizda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sohaga zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajribalarni joriy etish maqsadida navbatdagi muhim tashabbus amalga oshirildi. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayevning tegishli buyrug‘i asosida Toshkent davlat transport universitetida “Ilg‘or muhandislik maktabi”, zamonaviy o‘quv poligoni, vagon xo‘jaligiga ixtisoslashgan 2 ta o‘quv xonasi, 2 ta 400 o‘rinli  “Brend” auditoriya foydalanishga topshirildi.

2025-yil 22-aprel kuni ushu “O‘quv poligoni” hamda “Ilg‘or muhandislik maktabi”ning ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayev, universitet professor o‘qituvchilari, talabalar, temir yo‘l mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Z.Narzullayev ushbu markazda amaliy ko‘nikmalarini oshirgan talabalar kelajakda sohamizning yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishlariga hamda O‘zbekiston temir yo‘llarida faoliyat ko‘rsatib, sohamizni yanada rivojlanishiga katta hissa qo‘shishlarini ta’kidlab o‘tdi. 

Mazkur markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim sohasidagi islohotlari doirasida tashkil etilib, muhandislik-ta’lim jarayonlarini ilg‘or xalqaro standartlar asosida tashkil etishga xizmat qiladi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati ko‘magida faoliyat yurituvchi maktab orqali talabalar:

•  ilg‘or texnologiyalarni chuqur o‘rganish;
•  zamonaviy laboratoriyalarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish;
•  soha mutaxassislari bilan ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Maktab tarkibidagi 6 ta zamonaviy laboratoriya:
•  Vagonlarni diagnostikalash va sinovdan o‘tkazish laboratoriyasi
•  Signallashtirish va aloqa tizimlari xonasi
•  Elektr mashinalar texnologiyasi xonasi
•  Transport elektr ta’minoti va energiya taqsimoti xonasi
•  Temir yo‘l infratuzilmasi va xo‘jaligi xonasi
•  Tortuv harakat tarkibi laboratoriyasi
Universitet hududida tashkil etilgan yangi o‘quv poligoni orqali talabalar transport vositalarining tuzilishi, harakat tarkibining nosoz qismlarini aniqlash, diagnostika qilish va ta’mirlash jarayonlarini bevosita amaliyotda o‘rganadi. Poligonda quyidagi zamonaviy texnik jihozlar o‘rnatilgan:
•  ekspluatatsiyadagi lokomotiv va vagonlarning real modellar;
•  aravacha qismlari, turli rels turlari, signalizatsiya va svetoforlar;
•  tormoz tizimlarini sinovdan o‘tkazish moslamalari;
•  nosoz qismlar orqali ta’lim berish imkonini beruvchi maxsus modellar.
Bu infratuzilma orqali talabalar texnik xizmat ko‘rsatish, ekspluatatsiya, ta’mirlash va xavfsizlikka oid murakkab amaliy jarayonlarni real sharoitda o’zlashtiradi.
Temir yo‘l sohasi uchun muhim bo‘lgan vagon xo‘jaligi yo‘nalishida maxsus 2 ta o‘quv xonasi ham zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanib, foydalanishga topshiriladi. 

Bu xonalarda:
•  vagonlarning texnik diagnostikasi,
•  ekspluatatsiya holatlari,
•  nosoz qismlarni aniqlash va tahlil qilish,
•  hamda amaliy mashg‘ulotlar uchun maxsus interaktiv vositalar mavjud.

Bu tashabbus orqali vagon xo‘jaligiga ixtisoslashgan talabalarning malakasi sezilarli darajada oshib, ularning kasbiy tayyorgarligi yanada mustahkamlanadi.

Ta’lim jarayonini takomillashtirish maqsadida ikki yirik auditoriya zamonaviylashtirildi. Ular:
•  interfaol doskalar, multimedia vositalari, audio-vizual texnologiyalar bilan to‘liq jihozlangan;
•  interaktiv darslar va anjumanlar o‘tkazish imkonini beruvchi qulay makon hisoblanadi;
•  xalqaro miqyosdagi taqdimotlar va ilmiy forumlar uchun moslashtirilgan.

Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda Toshkent davlat transport universiteti va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasidagi strategik hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilib, turli yo‘nalishlarda izchil rivojlanmoqda. Mazkur hamkorlik nafaqat o‘quv jarayonini modernizatsiyalash, balki ilmiy-tadqiqot faoliyati, texnologik yangiliklar va sanoat amaliyotini uyg‘unlashtirish borasida ham sezilarli natijalarni berdi.

Ayniqsa, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan e’lon qilingan 5 ta yirik ilmiy-loyihalarda aynan Transport universiteti professor-o‘qituvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritgani – oliygoh salohiyati va ilmiy-innovasion imkoniyatlarining yaqqol ifodasidir. Ushbu loyihalar doirasida ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish, transport tizimlarini modernizatsiya qilish va xavfsizlikni oshirishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Bu muvaffaqiyatlar ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar o‘zaro uyg‘unlashib, real soha muammolarini hal etishga xizmat qilayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, universitet olimlari tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar, ayni paytda ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etilmoqda yoki sinovdan o‘tkazilmoqda.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan iqtidorli va tashabbuskor talabalarga mo‘ljallangan maxsus “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati raisi stipendiyasi joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashabbus orqali o‘zining salohiyatini namoyon qilgan talabalar moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi, bu esa ularning ilm-fan va innovasion faoliyatga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi.

Tadbir davomida ishtirokchilar “Ilg‘or muhandislik maktabi”da yaratilgan sharoitlar, yangilangan o‘quv poligoni, “Vagonlar va vagon xo‘jaligi” kafedrasiga qarashli zamonaviy auditoriyalar hamda “Brend” auditoriyalar bilan tanishdilar.

Mazkur islohotlar doirasida universitetning ta’lim infratuzilmasi tubdan takomillashtirilib, O‘zbekistonning transport sohasida xalqaro miqyosdagi raqobatbardosh muhandis va mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI