O‘zbekiston - Koreya: temir yo‘l sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

2025-yil 30-aprel kuni "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari X.Raxmetov va Koreya milliy temir yo‘llari bosh direktori Lee Seong-hai boshchiligidagi ikki tomonlama muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv ikki mamlakatning temir yo‘l texnologiyalari va innovatsiyalari sohasidagi hamkorligini chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlandi. Muhokamaning asosiy yo‘nalishlari orasida quyidagi jihatlar bor edi:

- Smart xavfsizlik: Tomonlar kiberxavfsizlik va infratuzilmani himoya qilish sohasida zamonaviy yechimlarni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
- Geoyo’nalishni aniqlovchi va temir yo'l boshqaruv tizimlari: Koreya navigatsiya texnologiyalarini O‘zbekiston temir yo‘llari infratuzilmasiga integratsiya qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
- Poyezdlarni raqamlashtirish: Harakat tarkibini ilg‘or raqamli monitoring va boshqaruv tizimlari bilan jihozlash istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, "Toshkent - Samarqand" tezyurar temir yo‘lini qurish loyihasiga alohida e'tibor qaratildi. Ushbu loyiha ijtimoiy sohani yanada rivojlantirishiga katta hissa qo’shishi ta’kidlab o'tildi. Ushbu ulkan infratuzilma loyihasi har ikkala tomonning mamlakat transport tarmog‘ini yanada rivojlantirishning muhim omili sifatida qaralmoqda.

Muzokaralar yakunida kompaniya vakillari mazkur sohalarda sheriklikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida Memorandum imzoladilar. Hujjatda temir yo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish sohasida innovatsion loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish masalalarida har ikki tomonning yaqin hamkorligi ko‘zda tutilgan.

Ushbu hamkorlik temir yo‘l sohasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashning navbatdagi bosqichi bo‘lib, yangi imkoniyatlarni ochdi.

"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI