
9 may — Xotira va qadrlash kuni: Urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan temiryo‘lchilar moddiy ragʻbatlantirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 fevraldagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayevning “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati pensionerlarini – ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan, ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 15 million so‘m miqdorida, ikkinchi jahon urushining mehnat fronti qatnashchilariga esa 3 million so‘m miqdorida pul mukofoti berilishi belgilandi.
Ta’kidlash lozimki, urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilganlarni har qancha ardoqlab, qadriga yetib, ulug‘lasakda yil o‘tgan sari ularning soni kamayib bormoqda. Bugungi kunda temir yo‘l sohasida ishlab, nafaqaga chiqqan ikkinchi jahon urushida ishtirok etganlarning 4 nafari hayot. Ulardan Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan 98 yoshlik Boqijon Nazarov (“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati), Samarqand shahrida yashayotgan va 100 yoshni qarshilagan Yevgeniya Kudinova (“Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filiali) hamda poytaxtimizda istiqomat qilayotgan 98 yoshga to‘lgan Fyodor Fedin (“Toshkent mexanika zavodi” aksiyadorlik jamiyati) va 100 yoshni qarshi olgan farg‘onalik Usmonjon Rahimov (“Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” filiali) qoldi xolos. 2024 yilda 21 nafar front ortida mehnat qilgan temiryo‘lchilar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ularning 15 nafari hayot.
8 may kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Ismoilov hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Mahmud Rozimetov boshchiligida Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan nafaqadagi temiryo‘lchilar xonadoniga tashrif buyurib, ularning holidan xabar olindi.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan dastlab shahrimizning Shayhontoxur tumanida istiqomat qilayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, nafaqadagi temiryo‘lchi, 98 yoshlik Boqijon Nazarov xonadoniga tashrif buyurishdi. Boqijon otaga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayevning tabrigini o‘qib eshittirib, Jamiyat rahbariyatining mukofoti ¬ — 15 million so‘m pul hamda guldastani tantanali topshirib, otaxonga uzoq-umr, sihat-salomatlik va keyingi yilda ham sog‘-salomat ko‘rishish nasib etishini tilashdi.
Shundan so‘ng poyxatimizning Yashnobod tumanidagi obod mahallalarning birida istiqomat qilayotgan “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” aksiyadorlik jamiyatidan nafaqaga chiqqan, front ortida xizmat qilgan 96 yoshlik Bebichenko Mariya Mixaylovna hamda 97 yoshlik Jalilov Abdug‘afur Abdujabborovich xonadonlariga tashrif buyurib, ularga ham Boshqaruv raisi tabrigi o‘qib eshittirildi hamda 3 million so‘mdan pul mukofotlari va Boshqarma kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mehnat faxriylari bilan samimiy suhbat davomida front ortidagi bosib o‘tgan yillari va temir yo‘l sohasida ishlagan davrlari yodga olindi. Prezidentmizning keksalarga, urush qatnashchilariga ko‘rsatayotgan e’tiborlaridan mamnun ekanliklarini bildirib, yo‘qlab kelganlarni va temir yo‘l sohasida ishlovchi barcha xodimlarni mashaqqatli faoliyatlariga rivoj tiladilar, duolar qilib kuzatdilar.
Jamiyat boshqaruvi raisi buyrug‘iga asosan respublikamizning turli shahar va viloyatlaridagi mintaqaviy temir yo‘l uzellari hamda korxonalarning rahbar va mutaxassislari, kasaba uyushma qo‘mitalari raislari hududlarda istiqomat qilayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan temiryo‘lchilar, nafaqadagi soha xodimlari xonadonlariga borib, temir yo‘l rahbariyati tabrigini yetkazib, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alarini topshirishmoqda.
Afg‘on urushi va Chernobil fojeasida ishtirok etgan temiryo‘lchilar ham O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi hamda barcha bo‘g‘indagi Kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan moddiy rag‘batlantirilib, manzilli yordamlar ko‘rsatilmoqda.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI