
“O’zbekiston temir yo’llari” AJ va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat temir yo'l ma'muriyati o’rtasida o’tkazilgan ikki tomonlama uchrashuv bo'yicha
“O’zbekiston temir yo’llari” AJ boshqaruv raisi Z.G’. Narzullayevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida 2025-yil 8-may kuni Pekin shahrida Xitoy Temir Yo'llari Davlat Ma'muriyati rahbari Fey Dunbin bilan ikki tomonlama uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda tomonlar o’rtasidagi ikki va ko’p tomonlama hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar mobaynida, ikki davlat rahbarlarining sa'y-harakatlari, strategik hamkorlik siyosati va do'stona munosabatlari natijasida temir yo'l sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning tez sur'atlarda rivojlanib kelayotgani alohida qayd etildi.
Xususan, hozirgi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) doirasida "O'zbekiston Temir Yo'llari" AJ tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “ShHTga a'zo davlatlar temir yo'l ma'muriyatlari rahbarlari uchrashuvi” platformasini “ShHT davlatlari temir yo'l makonlarini integratsiyalash Kengashi”ga transformatsiya qilish, hamda Kengash Direktsiyasini Toshkent shahrida joylashtirish loyihasi muhokama qilindi.
Xitoy Temir Yo'llari Davlat Ma'muriyati rahbari Fey Dunbin mazkur tashabbusning muvaffaqiyatli ilgari surilishi va keyingi bosqichlarda rivojlanishi uchun uni har tomonlama qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Uchrashuv yakunida, tomonlar ikki davlat temir yo’l ma’muriyatlari o’rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga kelishdilar.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI