
Temiryo’lchilar uchun O‘zbekiston “Shveysariya”siga ekoturizm tashkil etildi
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti tomonidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida temiryo‘lchilar uchun Jizzax viloyatining Zomin tumaniga ekoturizm tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-21-son qarori, shuningdek, O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkilotining 2025-yil — “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan dasturning 5-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida temiryo‘lchilar va ularning oila a’zolari uchun yangi turdagi ma’naviy-ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2025-yil 9-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hududlar turizm salohiyatini oshirish, investisiya loyihalarini faollashtirish va ichki turizmni rivojlantirish va O‘zbekistonda har oyning bitta shanba hamda yakshanbasi “Oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish kuni” deb e’lon qilinishi yuzasidan berilgan topshirig‘iga asosan, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi rahbariyati hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 7-64 “s” sonli qo‘shma qarori asosida amalga oshirildi.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida tashkil etilgan mazkur ekosayohatda 30 nafar temiryo‘lchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etishdi. Yo‘nalish sifatida Jizzax viloyatining go‘zal tabiati, tarixiy merosi va musaffo muhitiga ega so‘lim maskanlari tanlandi.
Tashrif davomida qatnashchilar Zomin tumanining tabiiy landshaftlaridan bahramand bo‘lib, tarixiy va ma’naviy obidalar, milliy an’analar va ekoturizm doirasida tashkil etilgan ko‘ngilochar dasturlarda ishtirok etishdi. Sog‘lom turmush tarzi va dam olish madaniyati haqida taassurotlar orttirishdi.
Temiryo‘lchilar va ularning oilalari dastlab Zomin suv omborini borib tomosha qilishdi. Shundan so‘ng Zomin milliy tabiat bog‘iga tashrif buyurib, u yerda sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy kanadda tabiat go‘zalligini, Zomin tog‘larini, bir necha asrlik archazorlarni tomosha qilishdi. Ikki tog‘ni birlashtirgan oynalik osma ko‘prik ham temiryo‘lchilarda katta taassurot qoldirdi. Sayohatning ikkinchi kuni Zomin tog‘larining go‘zal tabiatiga qilingan eko sayohat ham soha xodimlarining yodida uzoq vaqt saqlanishi shubhasiz. Tog‘lar bag‘ridagi asrlardan beri saqlanib kelinayotgan ming yillik archa ham temiryo‘lchilar e’tiborini jalb qildi.
— Tashkilotchilar tomonidan juda chiroyli, mazmunli va uyg‘un sayohat uyushtirildi, – deydi “Temiryo‘linfratuzilma” aksiyadorlik jamiyatining Moliya boshqarmasi yetakchi hisobchisi Farhod Ashurmatov. – Har bir maskanda tabiatning go‘zalligi, inson bilan atrof-muhit o‘rtasidagi uyg‘unlikni his etdik. Ikki kunlik sayohat davomida umuman bo‘sh vaqtimiz bo‘lmadi va vaqtimiz judayam mazmunli, tassurotlarga boy bo‘ldi. Bu bizga nafaqat dam olish, balki ma’naviy boyish imkonini ham berdi.
Zomin tog‘larini O‘zbekistonning “Shvesariya”si deyishadi. Bu yerga qadam ranjida qilgan temiryo‘lchilar shifobaxsh tog‘ havosidan bahramand bo‘lib, tabiatning go‘zalligidan ko‘z uzolmadilar.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI