
Temiryo‘lchilar tomonidan 100 nafarga yaqin bolajonlarga bayram tadbiri tashkil etildi
1-yun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tashabbusi bilan poytaxtimizdagi 100 nafarga yaqin bolajonlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.
Dastlab “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bolajonlarni belgilangan maskandan olib kelish va yana olib borib qo‘yish uchun maxsus transport vositalari ajratilgach, birinchi bo‘lib Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 288-maktabning 33 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, so‘ng “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Yo‘l bolalar kasalxonasi ishchi-xodimlarining 20 nafardan ortiq farzandlari hamda Chilonzor tumanidagi 22-sonli mehribonlik uyining 50 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilari Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi hududiga taklif qilindi va bu yerda yaqinda qurilgan zamonaviy attraksionlarga boy bolalar o‘yingohida maroqli dam olib, ulardan foydalanishlari uchun sharoit yaratildi.
Bayram tadbirida Temiryo‘lchilar madaniyat saroyi bo‘lim boshlig‘i Xurshida Nabiyeva bolajonlarga "O‘zbekiston temir yo‘llari" faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi. Shundan so‘ng ular madaniyat saroyi mutaxassislari nazoratida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilgan holda zamonaviy attraksionlardan birma-bir unumli va maroqli foydalanishdi.
So‘ng esa ular uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Temir yo‘l texnikasi muzeyiga sayohat uyushtirildi. Muzey mutaxassisi Vladimir Lankeyevich bolajonlarga ushbu bir asrdan ortiq tarixga ega muzey faoliyati, bu yerdagi parovoz, teplovoz hamda elektrovozlar, vagonlar va tarixiy eksponatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng bolajonlar O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport qurvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tasarrufidagi Markaziy kutubxona rahbariyati tomonidan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan “Ko‘chma kutubxona ko‘rgazmasi”dagi yuzlab qiziqarli kitoblarni tomosha qilishdi. Shuningdek, muzeydagi maxsus ekskursiya poyezdida so‘nggi vaqtlarda bu yerda amalga oshirilgan obodonlashtirish va yangi sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Tarixiy ahamiyatga ega poyezdlarni tomosha qilishdi. Yangi barpo etilgan ko‘rkam favvora atrofida o‘ynab, sayr qilishdi. Tadbir yakunida Temir yo‘l texnika muzeyi rahbariyati tomonidan bolajonlar uchun ko‘rkam bayram dasturxoni tashkil etildi.
Ushbu tadbir jajji bolajonlar qalbini quvonchga to‘ldirib, temir yo‘l haqidagi taassurotlarini yanada boyishiga, bugungi unutilmas kun qalblarida o‘chmas iz qoldirishiga ishonamiz.
Bir so‘z bilan aytganda, ko‘zimiz quvonchi, ertamiz egasi bo‘lgan bolajonlarni asrab-avaylash, komil inson etib tarbiyalash har bir ota-ona va oilaning burchi, har bir davlat taraqqiyotini belgilovchi eng muhim omil sanaladi.
Bola tabassumi – olam bezagi. Ayniqsa, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida yurtimiz bolajonlarning samimiy va beg‘ubor kulgisi bilan yanada yasharib ketdi. Bu sana temir yo‘l tizimida ham ham o‘zgacha intiqlik bilan kutildi.
Mehnatkash temiryo‘lchilar, maktab va mehribonlik uyi tarbiyachilari shu kuni kundalik tashvishlarini bir chetga qo‘yib, bolajonlarni istirohat bog‘lariyu ko‘ngilochar maskanlarga olib borishga oshiqishdi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI