“Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ ishchi-xodimlari uchun maxsus vagonlar ishlab chiqarilmoqda

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ ishchi-xodimlari uchun maxsus vagonlar ishlab chiqarilmoqda

Bugungi kunda yurtimiz ravnaqi yo‘lida yildan yilga tinimsiz yangi g‘oyalari va yo‘lovchilar uchun zamonaviy, qulay yo‘lovchi vagonlarini ishlab chiqarishda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatining ishchi-xodimlarining hissasi kattaligi bizni quvontirmoqda.

Zavod mutaxassislari tomonidan 2024-2025 yillarda “Yangi O‘zbekiston” timsoli ko‘rinishidagi zamonaviy dizaynga ega yangi yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Shuningdek, ushbu yillarda  korxona mutaxassislari tomonidan yana  bir yangi 61-933 rusumdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlarini tashish uchun mo‘ljallangan o‘rindiqli vagonlar ishlab chiqarib, xizmat qilishga topshirildi. 

61-933 rusumdagi yangi o‘rindiqli yo‘lovchi vagonlari 110 ta o‘rindiqli hamda 50 ta yo‘lovchi turib ketishi uchun mo‘ljallangan. Ushbu vagonlar umumiy 160 ta yo‘lovchiga  xizmat qilishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqarilgan bo‘lib, qulay va keng, havo sovutish va isitish tizimi bilan jihozlangan zamonaviy interyeri bilan o‘ziga xos ko‘rinishga egadir.

Ma’lumki, 2024 yil 13 sentyabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayev boshchiligida temir yo‘l sanoat korxonalari rahbarlari va bir qator mutaxassislardan iborat delegatsiya “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga tashrifi davomida O‘zbekiston iqtisodiyotining jadal rivojlanishiga muhim hissa qo‘shayotgan ikki korxona mutasaddilari temir yo‘l transporti orqali yuk tashish rejalarini o‘z vaqtida samarali tashkil etish, ko‘rsatiladigan transport xizmatlari sifatini yanada yaxshilash, harakat tarkiblarini ta’mirlashda foydalaniladigan ehtiyot qismlarni ikki korxonaning mashinalarni qurish zavodlarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mahalliylashtirish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirilgan edi.

Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Navoiy mashinasozlik zavodi ishlab chiqarish bo‘linmasida ham bo‘lib, zavod faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 

Sanoat korxonalari rahbarlari ishlab chiqarish quvvati va salohiyatini kengaytirish borasida o‘z tajribalari, yutuqlari va rejalari bilan tajriba almashib, uchrashuv doirasida tomonlar o‘rtasida har ikki sohani yanada rivojlanishiga yordam beradigan aloqalarni kuchaytirish, xususan, temir yo‘l transportida yuk tashish, yangi yo‘lovchi vagonlarini ishlab chiqarish va servis xizmatlarini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan o‘zaro memorandum imzolangan. Ayni paytda ushbu memorandum asosida ishlar jadal suratlarda davom etmoqda.


"Ozbekiston temir yo'llari" AJ

Axborot-tahlil media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI