
Tashabbuskor va faol temiryo'lchi yoshlar rag'batlantirildi
2025-yilning 20-iyun kuni “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyatida “30-iyun – Yoshlar kuni” munosabati bilan yoshlar orasida yetakchilik, tashabbuskorlik va faollikni
rag'batlantirishga qaratilgan “Temiryo'lchi yoshlar forumi” doirasida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqoti bo'lib o'tdi.
Tadbir “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati katta majlislar zalida o'tkazilib, unda soha rahbariyati, tizimda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar, hududiy yetakchilar hamda
tanlov g'oliblari ishtirok etdi.
Tadbirni “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash departamenti boshlig'i Davron Sabirov ochib berdi. Shuningdek, O'zbekiston temiryo'lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushma Respublika Kengashi raisi o'rinbosari Mahmud Rozimetov yoshlarga samimiy tabrik so'zlarini yo'llab, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlar faolligini alohida ta'kidladi.
Tadbirda “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullaevning 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi.
Ushbu tabrikda davlatimizda yoshlarga oid siyosatning yangi bosqichga ko'tarilgani, 16000 nafardan ziyod temiryo'lchi yoshlarning ishlab chiqarish, boshqaruv va innovatsion faoliyatdagi munosib ishtiroki, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan 50 dan ortiq loyiha va tashabbuslarda ularning samarali ishtirok etgani alohida ta'kidlandi.
“Temiryo'lchi yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ularning bilim va tashabbuslarini rag'batlantirish, ijtimoiy himoya qilish va kasbiy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratish — jamiyatimiz
uchun strategik ustuvor yo'nalishdir”, – deyiladi boshqaruv raisi tabrigida.
Tadbir doirasida “Eng faol yosh mutaxassis”, “Innovatsion g'oyalar”, “Yilning eng yaxshi yetakchisi”, “Ijtimoiy tarmoqning eng faol yetakchisi” tanlovi g'oliblari taqdirlandi. Shuningdek, “Temiryo'linfratuzilma” aktsiyadorlik jamiyati tizimida ilk bor tashkil etilgan Kibersport chempionati g'oliblari ham sahnaga taklif qilinib, rag'batlantirildi.
Tadbirning ochiq muloqot qismida yoshlar o'z taklif va tashabbuslarini to'g'ridan-to'g'ri rahbariyatga yetkazish imkoniga ega bo'lishdi. Bunday uchrashuvlar yoshlarga faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, rahbarlar bilan bevosita muloqot qilish va fikr almashish imkonini yaratadi. “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida yosh kadrlarni qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan
biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI