"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ delegatsiyasi Istanbulda bo‘lib o‘tgan 11-Xalqaro “Eurasia Rail” ko‘rgazmasida ishtirok etdi

Joriy yilning 18–20 iyun kunlari Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida Yevrosiyo mintaqasidagi yirik temir yo‘l sanoati anjumanlaridan biri – 11-Xalqaro "Eurasia Rail" ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir relsli transport vositalari ishlab chiqaruvchilari, infratuzilma texnologiyalari, yetkazib beruvchilar, logistika kompaniyalari hamda davlat tashkilotlari uchun yirik muloqot va hamkorlik maydoniga aylandi. 

Ko‘rgazma davomida eng yangi innovatsion yechimlar, signalizatsiya tizimlari, raqamli platformalar va barqaror transport modellarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 7 000 dan ortiq soha mutaxassislari va rasmiy delegatsiyalar ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli anjumanda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ vakillari ham ishtirok etib, xalqaro logistika bozoridagi aloqalarni mustahkamlash, multimodal tashishlarni rivojlantirish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazdilar. Jumladan, “Turkiya – Eron – Turkmaniston – O‘zbekiston” transport yo‘lagi bo‘yicha konteyner tashishlarni rivojlantirish maqsadida “MFA Logistics” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar olib borildi hamda yo‘nalish bo‘yicha amaliy hamkorlikni boshlashga kelishib olindi.

Bundan tashqari, “TCDD Taşımacılık” va “Pasifik Eurasia” kompaniyalari bilan “Xitoy – Yevropa” yo‘nalishida O‘zbekiston orqali tranzit tashishlarni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, CASCA+ transport yo‘lagi doirasida yuk oqimlarini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ko‘rgazma doirasida “O‘ztemiryo'lkonteyner” AJ tarkibidagi logistika markazlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ham alohida uchrashuv tashkil etildi. Xususan, Islom taraqqiyot banki vakili Said Muhammad bilan o‘tkazilgan muzokaralarda texnik-iqtisodiy asoslangan loyiha taqdim etilgan taqdirda, logistika markazlarini rivojlantirish bo‘yicha grand  ajratish masalasi ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI