Prezident murojaatnomasi – taraqqiyot va islohotlarning dasturilamal hujjati
Prezident murojaatnomasi – taraqqiyot va islohotlarning dasturilamal hujjati
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida muhim targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengash a’zosi, “Sihatgoh” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, sosiologiya fanlari doktori, professor T.Matibayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchisi X.Xatambayeva, Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash departamenti boshlig‘i D.Sabirov va soha xodimlari ishtirok etdi.
T.Matibayev “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xodimlari oldida Prezident Murojaatnomasining ahamiyati, uning asosiy g‘oya va ustuvor yo‘nalishlari xususida ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, Murojaatnomada mamlakatni har tomonlama barqaror rivojlantirishga qaratilgan kompleks vazifalar belgilangan bo‘lib, ular avvalo iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, aholi bandligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy sohalarni yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. Davlat boshlig‘i tomonidan belgilangan aniq maqsad va vazifalar barcha darajadagi rahbarlar va mutasaddilardan yuqori mas’uliyat, tashabbuskorlik hamda samarali ijroni talab etadi.
Shuningdek, Murojaatnomada ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, mahalla institutini yanada rivojlantirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, sud-huquq tizimini takomillashtirish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi. Bu yo‘nalishlarda belgilangan vazifalar fuqarolarning hayot sifati va farovonligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu vazifalar xususida batafsil to‘xtalgan T.Matibayev 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi joylarda aholi muammolarini hal etishda mahallaning o‘rni va ta’sirini yanada oshirishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, mahalla instituti fuqarolar bilan davlat o‘rtasidagi eng muhim bo‘g‘in sifatida ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholining tashabbus va faolligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash departamenti boshlig‘i D.Sabirov so‘zga chiqib, temir yo‘l sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning uzviy qismi ekanini ta’kidladi. Uning ta’biricha, sohada infratuzilmani yangilash, kadrlar salohiyatini oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish borasida qilingan ishlar Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga amaliy javob bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, u Murojaatnomadan kelib chiquvchi ustuvor vazifalarni hayotga tatbiq etish, ish samaradorligini yanada oshirish, jamoada mas’uliyat va fidoyilik muhitini kuchaytirish har bir xodimning eng muhim burchi ekanini alohida qayd etdi. Mazkur vazifalarni izchil va sifatli amalga oshirish orqali temir yo‘l sohasi mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI