Bahorning ilk hadiyasi: temiryo‘lchi ayollar e’zozlandi

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti tomonidan temiryo‘l tizimida faoliyat yuritayotgan ayollar hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati nomidan ishtirok etgan mutasaddilar soha xotin-qizlarini bayram bilan tabriklab, ularning temir yo‘l tizimi rivojiga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etdilar.

Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi maslahatchisi A. Abdurazakov o‘z tabrigida temir yo‘l tizimi kabi mas’uliyatli sohada ayollarning mehnati, fidoyiligi va nafosati ish samaradorligida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari M. Rozimetov so‘zga chiqib, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar haqida so‘z yuritdi.

Tadbir davomida 60 nafar faol temiryo‘lchi ayollar, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan xotin-qizlar tashkilot tomonidan rag‘batlantirildi.

O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti raisi Dilafruz Karimova tadbirning asosiy maqsadi haqida shunday dedi:

— Ayolni e’zozlash — oilani, vatanni va kelajakni e’zozlash demakdir. Bizning maqsadimiz — sohada fidokorona mehnat qilayotgan opa-singillarimizni hamda mehrga muhtoj ayollarni bayram arafasida yo‘qlab, ularning ko‘ngliga bahoriy kayfiyat ulashishdir.

Tadbir yakunida taqdirlangan temiryo‘lchi ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik soha xodimlari o‘rtasidagi mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI