“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda Indra Group vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

      “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya dasturi doirasida transport infratuzilmasi va intellektual boshqaruv tizimlari sohasida yetakchi xalqaro texnologik hamda konsalting kompaniyalardan biri bo‘lgan Indra Group vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi yuk va yo‘lovchi tashuvlarini boshqarish hamda magistral harakatni nazorat qilish bo‘yicha zamonaviy raqamli platformalarni joriy etish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Jumladan:
— TMS (Traffic Management System) — poyezdlar harakatini markazlashtirilgan boshqarish va dispetcherlik tizimi;
— TrMS (Transport Management System) — tashuv jarayonlari va transport logistikasini boshqarish tizimi;
— YMS (Yard Management System) — saralash stansiyalari, manyovr ishlari va stansiya hududidagi vagonlar harakatini boshqarish tizimi.
Tashrif davomida INDRA kompaniyasi mutaxassislari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning tegishli mutaxassislari bilan birgalikda jamiyatda amalda qo‘llanilayotgan IT-arxitektura, tashuvlarni boshqarish infratuzilmasi hamda mavjud raqamli yechimlar bilan batafsil tanishdilar.
Mavjud jarayonlarni amaliy jihatdan o‘rganish maqsadida Chukursay va Hamza stansiyalariga xizmat safari tashkil etildi. Unda kompaniya vakillari tashuv jarayonlarini tashkil etish, poyezdlar harakatini boshqarish, manyovr operatsiyalari hamda stansiya xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
      Uchrashuv va texnik muhokamalar yakunida INDRA kompaniyasi mutaxassislari mavjud infratuzilma va raqamli tizimlarning joriy holati bo‘yicha dastlabki tahlillarni taqdim etdilar hamda temir yo‘l sohasini yanada modernizatsiya qilish bo‘yicha qator tavsiyalar ishlab chiqdilar. Xususan, tashuvlarni boshqarish samaradorligini oshirish, ekspluatatsion jarayonlarni optimallashtirish, intellektual boshqaruv tizimlarini integratsiya qilish, shuningdek avtomatlashtirish va ma’lumotlar tahliliga asoslangan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bunday uchrashuvlar ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda zamonaviy raqamli temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI