O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston temir yo‘l ma’muriyatlari raqamlashtirish va xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi
2026-yil 18-may kuni АО «Узбекистон темир йуллари», АО «НК «Қазақстан темір жолы» hamda ГП «НК «Кыргыз темир жолу» vakillari ishtirokida zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, jarayonlarni avtomatlashtirish va mintaqa davlatlari temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan uch tomonlama ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar temir yo‘l transportida axborotlashtirish, avtomatlashtirish va aloqa sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha tajriba almashdilar. Shuningdek, tashish jarayonlarini raqamli boshqarish, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, axborot tizimlari ishonchliligini oshirish hamda innovatsion texnologik yechimlarni joriy etishning zamonaviy yondashuvlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Amaliy tashishlarni operativ boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi (ASOUP-2)ni almashtirish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratdilar. Muhokamalar doirasida tashishlarni boshqarish bo‘yicha zamonaviy raqamli platformalarga qo‘yiladigan talablar, jumladan ma’lumotlar almashinuvini tezkor tashkil etish, axborot tizimlarini integratsiya qilish, jarayonlarning shaffofligini oshirish va temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida yagona raqamli makonni yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuv davomida temir yo‘l sohasini raqamli transformatsiya qilish, ilg‘or tajribalarni almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish, texnologik hamkorlikni rivojlantirish hamda temir yo‘l transportining samaradorligi, xavfsizligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan zamonaviy raqamli yechimlarni birgalikda joriy etishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI