Mozori-Sharif 5-sonli Portning ochilishi


2026 yil 21 may kuni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ delegasiyasining Afgʻonistonning Mozori-Sharif shahriga tashrifi amalga oshirildi.
Tashrifning muhim voqealaridan biri sifatida “Hayraton-Mozori-Sharif” temir yoʻl liniyasida qurilish va tiklash ishlari yakunlangan Mozori-Sharif 5-sonli  Portining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda Oʻzbekiston va Afgʻoniston tomonidan rasmiy vakillar ishtirok etib, ikki davlat oʻrtasidagi temir yoʻl sohasidagi hamkorlikning samarasi, amalga oshirilayotgan loyihalar butun mintaqa transport-kommunikasiya tizimini mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladi.

Tadbir doirasida foydalanishga topshirilgan 5-sonli Portga birinchi poezd tarkibi qabul qilindi va yuk tushirish ishlariga rasman start berildi. Ushbu voqea portning amaliy faoliyati boshlanganini anglatib, kelgusida yuk tashish hajmini yanada oshirish uchun muhim zamin yaratdi.

Tashrif davomida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbari Z.G.Narzullaev Afgʻoniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar boʻyicha muovini Mulla Abdulgʻani Barodar bilan ham muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvda “Hayraton-Mozori-Sharif” temir yoʻl liniyasi oʻtkazuvchanlik qobiliyatini yanada oshirish muhokama qilindi.

Naibobod stansiyasi hududida qoʻshimcha 1650 metrlik shahobcha yoʻli qurish loyihasi muhokama qilindi. Loyiha yuk vagonlarini qayta ishlash hajmini oshirish, vagonlarning turib qolish vaqtini qisqartirish va temir yoʻl infratuzilmasining samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Afgʻoniston Bosh vazirining iqtisodiy masalalar boʻyicha muovini Mulla Abdulgʻani Barodar mazkur tashabbuslarni yuqori baholab, Jamoat ishlari vazirligi mutasaddilariga Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlikda texnik va qurilish ishlarini tezkor tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Oʻz navbatida, Afgʻoniston Jamoat ishlari vaziri ham yuk tashish hajmlarini yanada koʻpaytirish muhim vazifa ekanligini ta'kidlab, bu borada qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirilayotgani, Afgʻoniston tomoni barcha kelayotgan yuklarni oʻz vaqtida qabul qilish va tushirish ishlarini ta'minlashga tayyor ekani bildirdi.

Bugungi kunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ hamda “Sogdiana Trans” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida “Hayraton-Mozori-Sharif” temir yoʻl liniyasi mintaqa iqtisodiy taraqqiyotining muhim drayverlaridan biriga aylanib bormoqda. Yangi infratuzilma ob'ektlarining ishga tushirilishi esa yuk tashish hajmini yanada koʻpaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish va Oʻzbekiston hamda Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI