“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi Zufar G‘iyasovich Narzullayevning Jamiyat xodimlariga MUROJAATI

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiya illatiga qarshi kurashish shunchaki rasmiyatchilik emas, balki davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: "Korrupsiya – bu ma’naviyatimizga, kelajagimizga va taraqqiyotimizga raxna soluvchi eng xavfli illatdir. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak."

Shu bois, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, har bir jarayonni raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq, qanchalik mukammal qonunlar yoki nazorat tizimlari yaratilmasin, agar har bir xodimning ongi va qalbida "halollik vaksinasi" bo‘lmas ekan, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Shu munosabat bilan, respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” eʼlon qilinganligini yodga solgan holda har biringizni quyidagilarga qat’iy rioya qilishga chaqiraman:

·      O‘z faoliyatingizda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Jamiyatning ichki idoraviy hujjatlari talablarini so‘zsiz bajaring.

·     Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga, u kichik bo‘ladimi yoki yirik, mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘ling.

·     Halollikni nafaqat xizmat vazifasi, balki vijdon amri va insoniy burch deb biling. Unutmang, halol mehnat — nafaqat jamoat orasida hurmat, balki xonadoningizga baraka va xotirjamlik olib keladi.

Xizmat vazifalarini bajarish jarayonida korrupsiyaviy huquqbuzarliklar, manfaatlar to‘qnashuvi holatlari yoki boshqa noqonuniy ta’sir ko‘rsatish holatlari aniqlangan taqdirda, bu haqda belgilangan tartibda Jamiyat rahbariyatiga yoxud korrupsiya haqida xabar berish uchun tashkil etilgan aloqa kanallari orqali darhol ma’lum qilishingiz so‘raladi.

Ishonch telefoni: +998 (71) 237-99-98

Telegram boti manzili: @uzrailway_anticor_bot

Rasmiy veb-saytdagi aloqa kanali: https://railway.uz/uz/gazhk/against_corruption

Keling, temir yo‘l sohasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirish, tizim faoliyatining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash hamda uni zamonaviy boshqaruv tamoyillari asosida rivojlantirish yo‘lida birgalikda mas’uliyat bilan harakat qilaylik. Har bir xodimning halolligi, qonunlarga sodiqligi va fidokorona mehnati Jamiyatning barqaror rivojlanishi hamda kelgusi yutuqlarining mustahkam poydevori hisoblanadi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI