“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Dassault Systèmes temir yo‘l sohasining raqamli kelajagini muhokama qildi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda raqamli texnologiyalar, muhandislik dasturiy ta’minoti va murakkab sanoat tizimlarini boshqarish platformalarini ishlab chiqish sohasida dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan Dassault Systèmes vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv temir yo‘l sohasini raqamli transformatsiya qilish dasturi doirasida tashkil etilib, milliy temir yo‘l tashuvchisi faoliyatiga ilg‘or xalqaro tajriba va innovatsion texnologiyalarni joriy etish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Uchrashuv davomida Dassault Systèmes mutaxassislari kompaniyaning ayrim biznes-jarayonlari bo‘yicha amalga oshirilgan dastlabki tahlil natijalarini hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning raqamli ekotizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etdilar. Tomonlar tashish jarayonlari, poyezdlar harakatini boshqarish, infratuzilma obyektlari va ishlab chiqarish resurslarini samarali boshqarishni ta’minlaydigan integratsiyalashgan raqamli muhitni yaratish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muhokamalar davomida obyektlarning hayotiy siklini boshqarish va modellashtirish platformalarini joriy etish, boshqaruv qarorlarini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlovchi intellektual tizimlarni rivojlantirish, raqamli egizak (Digital Twin) texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, ekspluatatsion faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi prognozli tahlil va sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Texnik taqdimotlar doirasida Dassault Systèmes ekspertlari turli axborot resurslaridan olinadigan ma’lumotlarni yagona axborot makoniga birlashtiruvchi o‘zaro bog‘langan raqamli tizimlarni yaratish konsepsiyasini namoyish etdilar. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bunday yondashuv biznes-jarayonlar shaffofligini oshirish, boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonini tezlashtirish hamda kompaniya resurslaridan yanada samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Shuningdek, temir yo‘l infratuzilmasini raqamli modellashtirish, tashishlarni rejalashtirish jarayonlarini takomillashtirish, temir yo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini boshqarish, shuningdek zamonaviy tahliliy vositalar yordamida tashish jarayonining xavfsizligi va ishonchliligini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli transformatsiya sohasida hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Taqdim etilgan taklif va tavsiyalar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning uzoq muddatli raqamli rivojlanish strategiyasini shakllantirish doirasida batafsil o‘rganib chiqiladi.
Bugungi kunda raqamli transformatsiya transport sohasida samaradorlikni oshirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik qilish va ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish zamonaviy, xavfsiz va yuqori texnologiyalarga asoslangan temir yo‘l tizimini shakllantirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI